"Oqdaryo" suv ombori atrofida sohilbo‘yi dam olish maskani bunyod etiladi
Ishtixon tumanidagi "Oqdaryo" suv ombori atrofida to‘rt faslda ham aholi va turistlar dam olishi uchun mo‘ljallangan “Toytuyoq” ekoturizm maskani tashkil etiladi.
Bu davlatimiz rahbarining joriy yil 30 apreldagi “Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruv tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Shu kunlarda qaror ijrosi doirasida Ishtixon tumani hokimligi tomonidan Toytuyoq mahallasida ekoturizm maskanini tashkil etish loyihasi boshlandi. Suv omborining Toytuyoq mahallasi hududida joylashgan qismida 43 gektardan ortiq maydonda 2026-2027 yillarda yangi dam olish maskani bunyod etiladi. Buning uchun 85,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi, natijada 220 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
“Toytuyoq” turistik markazining master rejasini ishlab chiqish uchun respublika byudjetidan 30,9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, - deydi tuman hokimligi bo‘lim boshlig‘i Azamat Shoniyozov. – Rejaga ko‘ra, ushbu mablag‘ hisobidan 3,5 kilometr qirg‘oqni mustahkamlash, ichki yo‘llarga 8 kilometr asfalt yotqizish, 15 kilometr masofada "Salomatlik yo‘lagi"ni qurish, 50 metr kub hajmdagi bitta ichimlik suv inshooti qurish, 4,5 kilometr kanalizatsiya, 2,2 kilometr suv tarmog‘i tortish ishlari olib boriladi. Shuningdek, bitta 100 metr kub hajmli oqova suvlarni qayta ishlash inshooti, 1 ta transformator punkti, 3,3 kilometr elektr tarmog‘i, 375 dona ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish ishlari bajariladi.
Barcha huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgandan so‘ng yerlar ochiq auksion savdolariga chiqariladi. Bunda umumiy ovqatlanish (baliqchilik ) 1,4 gektar (1 ta loyiha), savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yekti 3,7 gektar (22 ta loyiha), sog‘lomlashtirish markazi (sanatoriya) 1,9 gektar (1 ta loyiha), savdo, maishiy xizmat va xostel xizmati 3,8 gektar (14 ta loyiha), dam olish va ko‘ngilochar maskanlar 4,6 gektar (10 ta loyiha)ga bo‘lingan holda savdolarga chiqariladi.
Ushbu maskan tumanning 290 mingga yaqin aholisi va boshqa hududlardan ham keladigan dam oluvchilar uchun qulay sayyohlik markazi bo‘ladi.
Prezidentimizning yuqorida keltirilgan qaroriga asosan "Kattaqo‘rg‘on" suv omborining janubiy qismidagi 45 gektar yer maydonida (“Saroyqo‘rg‘on” o‘rmon xo‘jaligi hududida) ham umummavsumiy turistik majmua tashkil etish belgilangan.
O‘ktam Xudoyberdiyev.