Oqdaryoda «Zarbdor tajribasi» o‘zini oqlayaptimi?

O‘tgan yili Prezidentimizning topshirig‘iga asosan Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida aholi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida “o‘z yuki”ni tortolmay qolgan ayrim sohalarda bir qator «drayver» loyihalarni eksperiment sifatida amalga oshirishga qaror qilingan edi. Mazkur tajriba o‘zini oqlagach, respublikamizning barcha shahar va tumanlarida ham sinab ko‘rishga qaror qilindi.

“Zarbdor tajribasi” nima degani? Bu har bir tuman va shaharda sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida kamida 5 tadan “drayver” loyihani shakllantirishdir, - deydi Oqdaryo tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Elyor Ashurov. - Ular tumandagi sanoat zonalari, bo‘sh turgan davlat ob’yektlariga joylashtiriladi. Bizda ham shu tajriba asosida 2 ta sanoat, 3 ta xizmat ko‘rsatish va 1 ta qishloq xo‘jaligida “drayver” loyihalari ishlab chiqilib amalga oshirish uchun 7,1 milliard so‘m mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalar orqali 160 ta yangi ish o‘rni, byudjetga 3,3 milliard so‘mlik qo‘shimcha tushum, 44,1 milliard so‘m qo‘shimcha hajm yaratish rejalashtirilgan.

Birinchi bosqichda amalga oshiriladigan 4 ta “drayver” loyiha tasdiqlandi. Jumladan, bitta “drayver” loyiha bo‘yicha tuman hududidan o‘tgan M-37 xalqaro avtomagistrali bo‘yidagi 0,12 gektar bo‘sh yer maydonini 30 ta lotga bo‘lib, auksionga chiqarish orqali 30 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektda “Service point”larni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, nima uchun aynan drayver soha sifatida mazkur hudud tanlab olindi? Bu loyihani amalga oshirish tumanga qanday foyda beradi?

- Mazkur avtomagistral yo‘lning qariyb 44 kilometri tuman hududidan o‘tadi va bir sutkada qarama-qarshi yo‘nalishda 23,5 mingta mashina harakatlanadi, - deydi tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi tadbirkorlik va innovatsiyani rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Bobur Yusupov. - Ushbu mashina egalaridan 10 foizi savdo xizmat shoxobchalaridan 10 ming so‘mlik mahsulot xarid qilganda 23 million so‘m miqdorida savdo va xizmat ko‘rsatish daromadi olinadi. Hududdan bir yilda 8,5 millionta mashina o‘tishini e’tiborga olsak, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari orqali 8 milliard so‘m daromad qilish mumkin.

Hozirda loyiha joylashgan hududda 35 ta xizmat ko‘rsatish ob’yektidan 20 ta umumiy ovqatlanish va savdo, 8 ta avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, 6 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, shuningdek, 1 ta dam olish maskani (otel) faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Byudjetga qo‘shimcha 800 million so‘m soliq tushumi hamda 13,5 milliard so‘m qo‘shimcha daromad manbai yaratiladi.

Tajriba asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan yana bir “drayver” loyiha tuman markazidagi “Oqdaryo istirohat bog‘i” faoliyatini qayta tashkil etish hisoblanadi. Istirohat bog‘i 4,65 gektar yer maydonini egallagan bo‘lib 3 yildan buyon deyarli foydalanilmasdan kelinmoqda. Bog‘ni davlat-xususiy sheriklik asosida tashabbuskor tadbirkorga berish va uni zamonaviy ko‘rinishga keltirish orqali 5 ta xizmat ko‘rsatish ob’yekti faoliyatini kengaytirish va 10 ta yangi zamonaviy attraksionlar olib kelib o‘rnatish imkoniyati bor. Agar loyiha ishga tushsa, 20 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jalik yo‘nalishida Yangiqishloq mahallasidagi  50 gektar maydondagi samarasiz eski bog‘larni rekonstruksiya qilish orqali yangi intensiv bog‘ barpo etish borasida ishlar boshlangan. Mart-aprel oylarida yer maydoni to‘liq tozalanib, zamonaviy bog‘ yaratish uchun mevali daraxt ko‘chatlari ekiladi. Mazkur “drayver” loyiha ishga tushirilsa, 25 nafar yangiqishloqlik ishsizlar doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi.

Dahbed shaharchasi hududidan o‘tgan Shaxob kanalining ikki bo‘yida bo‘sh turgan 0,10 gektar yer maydonida aholi dam olish, savdo va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish imkoni bor.

- Bugungi kunda ushbu mahalladagi kanal yonida 250 ta xonadonli 10 ta yangi ko‘p qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda, -deydi Elyor Ashurov. - Tez orada qariyb mingga yaqin aholi yangi uylarga ko‘chib kelishi kutilmoqda. Biroq hududda aholi talabiga javob beradigan, ular uchun zamonaviy dam olish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari yetishmaydi. Shu sabab ichki imkoniyatdan kelib chiqib, 15 ta dam olish maskani, maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalari tashkil etishni maqsad qilganmiz. Hozirda hudud 15 ta lotga bo‘linib, auksionga chiqarilmoqda. Agar “drayver” loyihamiz amalga oshsa, 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bugungi kunda Oqdaryo tumanida “Zarbdor tajribasi” asosida loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu “drayver” loyihalardan qay darajada samarali foydalanilayotgani yil oxirida ayon bo‘ladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.