Oqdaryolik yoshlar DXX rahbariga taklif bildirdi, ijrosi yuzasidan ko‘mak so‘radi
Yoshlar muammolarini hal etish, takliflarini eshitish maqsadida o‘tkazilayotgan navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” Oqdaryo tumanida bo‘lib o‘tdi.
Unda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedov 100 nafarga yaqin yoshlarning murojaatlarini tingladi.
Uchrashuv avvalida yoshlar ishlari agentlgi tuman bo‘limi boshlig‘i Ma’rufxon Musayev o‘tgan yilgi uchrashuvda yoshlarning 14 masala yuzasidan yo‘llagan murojaati ijobiy hal etilganini ta’kidlab, joriy yil yoshlar siyosatida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
- Tumanimizda 35 ta mahalla bo‘lib, ularda 14-30 yosh toifasida 41 ming 205 nafar yosh istiqomat qiladi, - deydi M.Musayev. – Yil boshida o‘tkazilgan xatlov natijasida og‘ir toifadagi 929 nafar va ishsiz 1667 nafar yoshlar aniqlanib, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, bandligini ta’minlash va kasb-hunarga o‘qitish maqsadida sektor rahbarlari va huquq-tartibot idoralari mas’ullariga biriktirildi. Shuningdek, 768 nafar migratsiyadagi yoshlar va ularning ota-onalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda, ularga 300 dan ziyod ish o‘rinlari taklif etilgan. Yoshlarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, “Yoshlar daftari” shakllantirilgan va ular tegishli tartibda yordamlar ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, ular “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqa va tanlovlarga jalb qilinib, kasb-hunar markazlarida o‘qitilmoqda va ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash choralari ko‘rilyapti.
Uchrashuvda asosan yoshlarning tadbirkorlik qilib faoliyatini kengaytirish, yer ajratish, sport maydonchalari qurish, o‘quv markazlari ochish va ishga joylashish bo‘yicha murojaatlari ko‘p bo‘ldi.
Jumladan, Yangi qishloq mahallasida yashovchi Samandar Saydullayev “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida to‘y va marosimlarda xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yib, to‘rt kishini ish bilan ta’minlagani va ayni paytda media apparatlari kerakligi, shu bilan birga, mahallada nemis tili o‘quv markazi ochishda amaliy yordam so‘radi. Boshqarma boshlig‘i ushbu masalada hokimlik va tegishli tashkilotlar hamkorligida yordam berilishini bildirdi.
Temirak mahallasidan Abdulaziz Xolmirzayev 49-umumta’lim maktabi hududida sun’iy qoplamali futbol maydoni barpo etish uchun imtiyozli davr bilan kredit ajratishni so‘radi. Mas’ullar uning bu taklifini o‘rganib chiqib, tegishli tartibda yordam beradigan bo‘ldi.
O‘zbekiston mahallasida yashovchi Gulnora Abdullayeva ikki nafar farzandi talaba ekani va ikkinchi guruh nogironi farzandining operatsiyasi uchun 30 million so‘m mablag‘ kerakligini aytdi. Unga DXX viloyat boshqarmasi tomonidan yordam berilishi ma’lum qilindi.
Boshqarma boshlig‘i uchrashuvga kelgan har bir yigit-qizni tinglab, ularni qiynab kelayotgan muammolarga viloyat va tuman darajasidagi mas’ullar, tegishli idoralar bilan birgalikda yechim topilishini ma’lum qildi. Muddat talab qilinadigan masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar berildi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.