Sabrga emas, ishtiyoqqa o‘rgatayotgan tashkilot

Oqdaryolik Sabohat Rahmonova yilning boshida “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turardi. Hozirda tikuv sexi ochib, qizlarga o‘z kasbini o‘rgatayapti, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlayapti. Uning bu erishganlarida davlat idoralari bilan bir qatorda nodavlat tashkilotlarining ham o‘rni katta. O‘tgan yil oxirida u “Sabr” markazi tomonidan tashkil etilgan o‘quvlarda qatnashdi. O‘zi qiziqib, tikish bilan shug‘ullanib yurardi, markazdagi mashg‘ulotlar unga sohaning nozik sirlarini o‘rgatishi barobarida o‘ziga ishonchini ham oshirdi.
Hilola Yusupova ham Oqdaryo tumanidagi Mustaqillik mahallasida istiqomat qiladi. Oilasida hech muammo yo‘q edi, turmush o‘rtog‘i bilan farzandlarini tarbiyalab kelayotgandi. Ammo to‘satdan hammasi o‘zgarib ketdi. Turmushning moliyaviy tomoniga yordam bermasa, oila parokandalikka yuz tutishi muqarrar edi. Hilola shuni o‘ylab yurgan payti mahalla faoli unga bepul hunar o‘rganish imkoniyati borligi haqida aytdi. U ishonib-ishonmay, mashg‘ulotlarga qatnay boshladi. Ko‘p o‘tmay bu maskanga bog‘lanib qoldi.
-“Sabr” menga faqat hunar emas, hayotni ham o‘rgatdi, - deydi u. O‘zimiz uchun pishiriqlar pishirib yurardim. Lekin ularni do‘konlarga olib chiqib sotish, bundan foyda ko‘rishni xayolimgayam keltirmasdim. Mashg‘ulotlar davomida o‘zim kabi xotin-qizlarni ko‘rib, ular bilan hamsuhbat bo‘ldik, ustozlarning mehr bilan saboq berishi dalda bo‘ldi. Ayniqsa, mutaxassislarning bizni tadbirkorlik qilish uchun oddiy va sodda tilda ruhlantiruvchi mashg‘ulotlari katta turtki berdi.
Hozir Hilola o‘nlab do‘konlarga 20 turdan ortiqroq pishiriq yetkazib beradi. Mijozlari kundan-kunga ko‘paymoqda.
Tadbirkorlik, ro‘zg‘orini uddalash, deymiz-u, aslida bir ishni boshlash biz tasavvur qilgandan ancha qiyin. Ayniqsa, moliyaviy ahvoli og‘ir, xonadonida turli muammolari mavjud oilalar vakillari uchun o‘n karra murakkabroq bu jarayon.
Shu mahallada yashovchi Sadoqat Shernazarova ham hozir yaxshigina tikuvchi sifatida tanilib, uch-to‘rtta tikuv mashinkasi, shogirdlari bilan turli yoshdagilarga mo‘ljallangan kiyim-kechaklar tikib, ro‘zg‘orini uddalamoqda. Ro‘zg‘orni yuritish, farzandlarning sog‘lom ulg‘ayishi, yaxshi ta’lim olishi uchun bu oilaga har oy kamida 5-6 million so‘m mablag‘ kerak. Sadoqat ham o‘z ishini boshlagach, er-xotinning bargalikdagi daromadi shunga borib qoldi.
“Sabr” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi tomonidan “Fuqarolik jamiyati ishtiroki orqali hududlarda gender islohotlarga ko‘maklashish” loyihasi 2024 yilning martidan boshlandi. Loyiha Yevropa Ittifoqi va Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot Federal vazirligi tomonidan birgalikda moliyalashtirilgan bo‘lib, Samarqand, Buxoro, Andijon, Sirdaryo viloyatlarining sakkiz tumanida amalga oshirildi. Xususan, viloyatimizda bu loyiha Oqdaryo tumanining Mustaqillik hamda Urgut tumanidagi Mergancha mahallalarida o‘tkazildi.
Loyihaning natijalari bo‘yicha yaqinda yakuniy taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
- Kasb-hunar o‘rganishni istovchi, asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami uchun tashkil etilgan ushbu kurslar faqatgina bir necha bosqichda amalga oshirildi, - deydi “Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi rahbari Mavluda Shirinova. - Ular kasbiy yo‘naltirilgan kurslar, xususan, sartaroshlik, qandolatchilik, tikuvchilik, kashtachilik, kompyuter savodxonligi kabi yo‘nalishlarda bilimlarini oshirdi, biznes, tadbirkorlikni yuritish bo‘yicha maxsus treninglarda qatnashdi. Oqdaryo tumanida 93 nafar, Urgut tumanida 106 nafar tinglovchi kasbiy ko‘nikmalarni egallab, o‘z malakalarini oshirdi.
Kasbiy yo‘naltirilgan kurslar bitiruvchilarining biznes-tashabbuslari ikki bosqichli tanlov natijasida qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, Oqdaryo tumanida 10 nafar, Urgut tumanida 15 nafar biznes-tashabbuslar moliyalashtirildi. Ushbu bitiruvchilar o‘z bizneslarini boshlashi uchun tikuv mashinkalari, pechlar, sartaroshlik uskunalari hamda noutbuk va boshqa zarur jihozlar sotib olindi.
Shuningdek, loyiha ishtirokchilari kasblarni o‘rganishi barobarida maishiy muammolarni hal etish va ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan tashabbuslarni ishlab chiqishni o‘rgandilar.
- Markaz bir necha yildan beri tumanda faoliyat olib borib, xotin-qizlar hayotini yaxshilashga hissa qo‘shmoqda, - deydi Oqdaryo tumani hokimi o‘rinbosari - oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Yulduz O‘roqova. – Bugun xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularga ko‘mak berishda “Ayollar daftari” tizimi bo‘yicha ham qator ishlar olib borilmoqda. Lekin ushbu nodavlat tashkiloti faqat hunar o‘rgatmaydi, ularning oilaviy hayotini ham o‘rganadi, zarur bo‘lsa, shu hunari orqali daromad topishi uchun uskunalar bilan ham ta’minlaydi.
Gulruh MO‘MINOVA.