Raqamli ta’limda Janubiy Koreya tajribasi qanday samara beradi?
Jomboy tumanida Janubiy Koreya tajribasi asosida ta’limda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlariga bag‘ishlangan amaliy seminar-treninglar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarda o‘qituvchilarga zamonaviy raqamli vositalardan dars jarayonida foydalanish, o‘quv materiallarini tayyorlash, ta’limni interaktiv tashkil etish hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan maqsadli va mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminarlarning muhim jihatlaridan biri shuki, ularda Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi asosida o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalarning mahalliy ta’lim amaliyotiga tatbiq etilayotganidir. Jumladan, 2026 yil may oyida Janubiy Koreyaning Seul shahrida “KLIC Training Program – 2026” xalqaro o‘quv dasturi doirasida “Ta’limni raqamlashtirish” mavzusida seminar va treninglar tashkil etilgan va unda O‘zbekistondan 23 nafar informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi ishtirok etgan edi. Ular orasida Jomboy tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabining informatika fani o‘qituvchisi Diyor O‘runov ham bor edi. U xalqaro dastur davomida ta’limni raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘quv jarayoniga integratsiya qilish va innovatsion pedagogik yondashuvlar bo‘yicha tajriba orttirib, ayni paytda ushbu bilimlarni Jomboy tumanidagi hamkasblari bilan baham ko‘rmoqda.
- Bugungi o‘qituvchi zamonaviy texnologiyalarni shunchaki bilishi emas, balki ulardan ta’lim sifatini oshirish yo‘lida samarali foydalana olishi kerak, - deydi D.O‘runov. - Janubiy Koreyada ta’limni raqamlashtirishga bo‘lgan yondashuv, texnologiyalarning dars jarayoniga integratsiyasi va o‘qituvchi hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar bizda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Eng muhimi, o‘rganganlarimizni amaliyotga tatbiq etish va hamkasblarimiz bilan baham ko‘rishdir.
Tshkil etilgan seminar-treninglarda, avvalo, “Raqamli ta’limning globallashuvi va sun’iy intellektning ahamiyati” mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga sun’iy intellektning ta’limdagi imkoniyatlari, undan dars jarayonida foydalanish usullari, o‘quv materiallarini tayyorlash, interaktiv topshiriqlar yaratish va o‘quvchilarning mustaqil ishlashini qo‘llab-quvvatlash yo‘llari tushuntirildi.
Seminarlarda sun’iy intellektdan foydalanishda uning imkoniyatlari bilan bir qatorda mas’uliyatli yondashuvga ham urg‘u berildi. Chunki texnologiyaning ta’limdagi samarasi undan qanday maqsadda va qanday foydalanilishiga bog‘liq. Sun’iy intellekt o‘qituvchining o‘rnini bosuvchi vosita emas, balki uning pedagogik imkoniyatlarini kengaytiruvchi zamonaviy yordamchi sifatida qaralmoqda.
Bugungi maktab o‘quvchisi ertangi kunning raqamli iqtisodiyoti va innovatsion muhitida faoliyat yuritadi. Uni ana shu sharoitga tayyorlash uchun, avvalo, o‘qituvchining o‘zi zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirishi zarur. Jomboy tumanida olib borilgan amaliy seminar-treninglar aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib, pedagoglarning raqamli savodxonligini oshirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ta’limda samarali foydalanish va ilg‘or xalqaro tajribani amaliyotga joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.