Bizni kuzating

Shirin shaharchasi Samarqandning yangi ma’muriy markaziga aylanadi

Ushbu shaharcha 150 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy sharoitlarga ega, inson uchun qulay, xavfsiz, ekologik barqaror va iqtisodiy faol muhit bo‘ladi.

Bu yerda barcha kommunikatsiya tarmoqlari yer ostidan o‘tadi, aholi dam olishi uchun sayilgohlar, ko‘ngilochar maskanlar va sport inshootlari quriladi.
Prezidentimizning 2023 yil 20 iyuldagi “Samarqand shahrida “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Samarqand shahrida Shirin shaharchasi qurilishi boshlangan. 

Ushbu shaharcha qurilishining yana bir ahamiyatli tomoni – hozirda Samarqand shahrida joylashgan davlat tashkilotlari va idoralar shaharchada barpo etilayotgan yangi ma’muriy markazga ko‘chiriladi.

- Shirin shaharchasida aholi uchun munosib sharoit yaratish faqat uy-joy qurish emas, balki uy-joy, ta’lim, tibbiyot, ish o‘rni, transport, ekologiya, dam olish, raqamli xizmatlar tizimini yagona shahar muhitiga birlashtirishdir, - deydi “Shirin" zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoylar kompleksini barpo etish direksiyasi bosh mutaxassisi Rustam Salomov. – Bu faqat yangi hudud emas, inson hayoti uchun yangi sifat muhitini yaratish loyihasidir. Bugungi kunda yangilangan bosh reja ustida Shirin kompleksining master rejasi “O”zshasharsozlik LITI”  davlat muassasasi bilan “SakoArchitects” (Yaponiya, bosh rejalar sohasida), “CSCEC-China State International Construction” (Xitoy, bosh rejalar sohasida) kompaniyalari hamkorligida ishlab chiqilmoqda. Hozirda 19 gektar yer maydonida joylashgan viloyat ma’muriy markazining master rejasi bo‘yicha yakuniy bosqich ishlari olib borilmoqda.

Shaharchada 12-16 qavatli 250 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joy, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazi bunyod etiladi. 50 ga yaqin umumta’lim maktabi, bog‘cha, poliklinika, tez yordam, qon quyish stansiyasi, madaniyat markazi, san’at muzeyi, oliy o‘quv yurti, IT park, yoshlar markazi, ilmiy markaz kabi ijtimoiy soha ob’yektlari quriladi. Shuningdek, ochiq va yopiq suv inshooti, savdo markazlari, 5 ta mehmonxona, 2 ta istirohat bog‘i, xo‘jalik mollari bozori, 74 ta noturar ob’yekt qurilishi ham rejalashtirilgan.

Buning uchun 112 kilometr ichki yo‘llar, piyodalar va velosiped yo‘laklari, 2 ta ko‘prik, 7,2 kilometr ichki kommunikatsiya uchun tonnel, 2 ta qozonxona, 180 kilometr irrigatsiya quvuri, 14 kilometr kanal va sug‘orish inshootlari bunyod etiladi.

- Hozirda Samarqand shahri va Shirin shaharchasini bog‘lovchi uzunligi 780 metr, eni 28 metr bo‘lgan ko‘prik byudjet mablag‘lari hisobidan qurib foydalanishga topshirildi, - deydi direksiya bosh muhandisi Rustam Olimov. – Shaharcha qurilishi uchun 665 gektar yer maydoni ajratilgan. Oqdaryo tumanidan Samarqand shahriga o‘tgan bu hududda joylashgan 1800 ga yaqin ob’yekt belgilangan tartibda ko‘chirildi va ishlar davom etmoqda. 2030 yilgacha loyihaning birinchi bosqichida 300 gektar maydonda qurilish ishlari olib boriladi. Hozirgacha 12 ta LOT auksion savdolariga chiqarilgan va ko‘p qavatli uy-joylar, oliy ta’lim muassasasi va ma’muriy binolar uchun yer ajratilib, qurilish ishlari boshlangan.

Yaqinda davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi davomida massivdagi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi va viloyat hokimligi, ma’muriy binolar qurilishiga ruxsat berildi. Hozirda “O‘zshaharsozlik LITI”ning dastlabki loyihasi asosida 0,7 gektar maydonda viloyat hokimligi binosi uchun “Sam Texno Story Invest” MChJ tomonidan qurilish ishlari boshlanib, yer qazish ishlari olib borilmoqda. Rejaga asosan Samarqand shahrida faoliyat olib borayotgan 97 ta viloyat tashkiloti shu yerga ko‘chiriladi. 2027-2028 yillarda 9-12 qavatli beshta katta bino qurilib, galereya shaklida bo‘linadi va viloyat tashkilotlari shu yerga joylashtiriladi. Bunda ijtimoiy sohalarni alohida, iqtisodiy sohalarni alohida binolarga joylashtirish rejalashtirilgan. Shirin shaharchasining so‘nggi bosh rejasi shu kunlarda tasdiqlanishi kutilmoqda va shundan so‘ng ommaviy ravishda qurilish ishlari boshlanadi.

Qirg‘oqbo‘yi hududlarda ko‘ngilochar maskanlar, mehmonxonalar, maishiy xizmat ob’yektlari ochiq savdoga chiqariladi va quriladi. Shaharchada uchta yo‘l o‘tadi, ya’ni birinchisi qirg‘oqbo‘yida, o‘rtada va oxirida umumiy  8 kilometr yo‘l, zamonaviy stadion, ekopark, sayilgohlar quriladi. Asosiysi, shaharchadagi barcha binolarning kommunikatsiya tarmoqlari tonnel shaklida bo‘ladi.

Hozirgacha shaharchada Abu Dabi jamg‘armasi ishtirokida “Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi asosida nasos stansiyasi binosining poydevor qurish ishlari boshlangan. Bir kilometr masofada inshoot hududini o‘rab turuvchi to‘siq devor qurilgan, rezervuarning beton osti qurilish ishlari olib borilmoqda. Qoradaryo qirg‘oqlarini tiklash va hamda betonlashtirish doirasida o‘ng qirg‘oqning 1500 metr, chap qirg‘oqning 250 metrini betonlashtirish va 70 metr qirg‘oqni tiklash ishlari bajarildi.

Ushbu shaharcha Samarqand shahrining kengayishiga, tirbandliklarning oldini olishga, sayyohlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.                                       

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.