Ko‘hna kentning yangi durdonasi

Samarqandda barpo etilayotgan Shirin shaharchasi xalqimiz bunyodkorligining yangi namunasi bo‘ladi

Samarqand tarixining sha’ni shundaki, bu o‘lkani boshqargan har bir shaxs o‘zidan yodgorlik qoldirishga harakat qilgan. Binobarin, bu yodgorliklarning barchasi dunyoviy ilmlar va mahalliy hunarmandlar, me’morlar va boshqa kasb egalarining zakovati bilan bog‘liq. Amir Temur barpo etgan obidalar, inshootlar haqida to‘xtalib o‘tish shart emas. Chunki bu har birimizga yod bo‘lib ketgan. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasidan tashqari Registonda masjid va madrasa barpo etgan. Bahodir Yalangto‘sh Sherdor va Tillakori obidalari barobarida o‘nga yaqin ko‘prik, Devonbegi madrasasi qurilishiga bosh bo‘lgan, Siyob bozorini Registondan hozirgi joyiga ko‘chirgan. Shayboniyxon ham ana shunday ulug‘ ishlarning boshida turgan. Xususan, Zarafshon daryosining Samarqand shahri yonidan o‘tuvchi qismida yangi suv yo‘llari va ko‘priklar barpo qilgan. Chunki o‘sha davrda yuzaga kelgan qurg‘oqchilik suvdan oqilona foydalanishni taqozo etgan.

Bugun esa o‘z davrida qurilgan obida, Zarafshon daryosining ikki oqimi – Oqdaryo va Qoradaryo o‘rtasidagi maydonlar va sohillarda juda katta bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Gap yillar davomida qisman tartibga keltirilgan bo‘lsa-da, e’tibordan chetda qolgan maydonlar ustida bormoqda. Aynan ana shu joyda Samarqand va Oqdaryo tumanlari hududlari kesishadi. Daryoning janubiy qirg‘og‘i Samarqand shahriga tegishli.

Aslida bu muammo bundan 50 yil oldin ko‘tarilgan edi. Ikkala daryo qirg‘og‘ida Farhod va Shirin shaharchalari qurilishi boshlangan edi. To‘g‘ri, Farhod qo‘rg‘onida ancha ishlar qilindi. Chunki qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar joylashganligi sababli ishchilar uchun qurilgan uy-joylar, maktab, bog‘cha va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari unga shaharcha tusini berdi. Shirin shaharchasiga mo‘ljallangan yerlarning katta qismi esa samarasiz yotdi yoki dala hovlilarga aylantirildi.

Nihoyat bu maydonga e’tibor tushdi. Davlatimiz rahbari masalani joyida o‘rganganida bu yangi shaharcha O‘zbekiston taraqqiyotining, olimlarimiz aql-zakovatining, binokorlarimiz kuch-qudratining timsoli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Binobarin, loyihalar, rejalar ham ana shu da’vatga munosib tarzda shakllandi. Ikki daryo oralig‘idagi bu orolchalarni birlashtirish, aqlli shahar barpo etishga bel bog‘landi.

Xo‘sh, bu yerda nimalar barpo etiladi?

Avvalambor, aytish kerakki, bunyodkorlik ishlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 2025 yil oxirigacha 19 ta biznes markazi, 6 ta ko‘p qavatli uy-joy, shuningdek, Toshkent xalqaro kimyo universiteti filiali binosi barpo etiladi. Shaharcha ichki va tashqi kommunikatsiya tarmoqlariga ulanadi. Ayni paytda bu ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Ikkinchi bosqich doirasida, ya’ni 2026-2028 yillarda shaharchani Samarqand shahri bilan bog‘lovchi osma ko‘prik, 40 ta ijtimoiy soha ob’yekti, 240 ta turar va noturar joy binolari, ichki avtomobil yo‘llari qurilishi mo‘ljallangan.

Uchinchi bosqich doirasida, ya’ni 2029-2030 yillarda shaharchani Samarqand shahar markazi va Samarqand turizm markazi bilan bog‘lovchi 7 kilometr uzunlikdagi yer usti metro yo‘li barpo etiladi, 15 ta madaniyat, savdo va yirik sport ob’yektlari quriladi. Muhimi shundaki, bu loyihalarni bevosita o‘zbekistonlik olimlar, mutaxassislar, quruvchilar yaratishyapti va amalga oshiryapti.

Darvoqe, bu aqlli shahar qurilishi uchun maxsus direksiya tashkil etilgan. Uning direktori, viloyat Kengashi deputati Akbar Qayumovning ta’kidlashicha, pirovardida bu maskanda 160 ming kishi istiqomat qiladi. Buning uchun 50 mingdan ziyod yuqori maosh to‘lanadigan ish o‘rni yaratiladi. Negaki, har bir ko‘cha va mahallada ana shunday maosh olish uchun imkoniyat yaratiladi. Ya’ni, bu yerda zamonaviy va raqamli texnologiyalar joriy etiladi. Xususan, Kimyo universiteti filiali uchun olib kelinadigan laboratoriyalar so‘nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlanadi.

Yangi shaharcha va ishbilarmonlar markazi butun borlig‘i bilan yashil makon bo‘ladi. Birinchidan, har bir bino tomida, albatta, quyosh paneli o‘rnatiladi. Imoratlarni qurishda faqat ekologik foydali qurilish materiallari qo‘llaniladi. Ayniqsa, suv yo‘lini boshqarishda qadimiy usul, zamonaviy charxpalakdan foydalaniladi.

Ikkinchidan, shaharchaga havoni tozalaydigan, kislorodga boy daraxtlar ekiladi.

Uchinchidan, jamoat transporti qatnovi mukammalligiga erishiladi. Maxsus gulchilik xo‘jaligi yo‘l yoqalari va uy-joylar atrofiga ekiladigan gullar aprobatsiyasi bilan shug‘ullanmoqda.

Barpo etiladigan mehmonxonalar yuksak darajada xizmat ko‘rsatadi. Xorijlik mehmonlarning shahar bilan, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, milliy an’analar bilan tanishishlariga imkon yaratiladi, oilaviy dam olish zonalari yaratiladi. Shuning uchun ham yangi mavzening auksionga qo‘yilayotgan yerlari uchun savdo nihoyatda qizg‘in, talabgorlar ko‘p.

Bundan ikki yilcha oldin davlatimiz rahbarining taklifi bilan Samarqand shahrini kesib o‘tuvchi Siyobcha kanali sohillari viloyat hokimligi rahbarligida obodonlashtirildi. Qisqa muddat ichida kanalning 17 kilometr uzunlikdagi qismi ikki tomoni ham aholining sayr qilishiga mo‘ljallab kengaytirildi, kanal ichi betonlashtirildi. Samarqandliklar o‘z qo‘llari bilan barpo etgan ana shu nafosatdan bugun o‘zlari bahramand bo‘lib turibdilar. Boshqa tumanlar markazlarida ham ariq va kanallar betonlashtirilib, ularning sohillari hordiq maskanlariga aylantirilmoqda. Demoqchimanki, viloyatda bu borada muayyan tajriba orttirildi. Shu sababli Oqdaryo va Qoradaryo sohilida barpo etilayotgan yangi shaharcha ham yaqin yillarda faxrimizga aylanadi. Hozirdanoq daryolarning obodonlashtirilgan 1,5 kilometrlik qismi atrofi chinakam saylgohga aylangan. Bu yer qishin-yozin aholi bilan gavjum.

So‘ngso‘zda shuni aytmoqchimanki, Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida "Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Oqdaryo tumanidan 243 gektar, Samarqand tumanidan 170 gektar, jami 413 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkaziladi. Natijada amaldagi 252 gektardan iborat “Shirin” mavzesi hududi kengaytirilib, jami 665 gektar maydonni tashkil etadi. Tasdiqlangan master-reja bo‘yicha hududda 180 ming aholiga mo‘ljallangan jami 60 mingta xonadondan iborat 254 ta ko‘p qavatli uy, 45 ta ijtimoiy soha ob’yekti quriladi.

Bu qaror yuqorida ta’kidlaganimdek, Zarafshon daryosi irmoqlari, Oqdaryo va Qoradaryo bo‘ylarining obod bo‘lishiga, zamonaviy va ko‘rkam aholi maskani yaratilishiga hamda pirovardida xalqimiz aqlu zakovati timsoliga aylanajak Shirin shaharchasining mukammal bunyod etilishiga xizmat qiladi.

 Farmon TOShEV,

 xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati,

 O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.