Davlat byudjetiga 1 milliard 400 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi

Viloyatda faoliyat yurituvchi korxona nomiga Belarus davlatidan olib kelingan traktorlarni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun “Ulug‘bek” TIF bojxona postiga tegishli hujjatlar hamda bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etilgan.

Viloyat bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan hujjatlar atroflicha o‘rganilib, traktorlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, traktorlar hujjatlarda ko‘rsatilganidek 2024 yilda emas, balki 2021 yilda ishlab chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.
Bojxona to‘lovlarini kamaytirish va davlat byudjetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lardan qochish maqsadida amalga oshirilgan ushbu urinish "meva"sini bermadi. Natijada davlat byudjetiga qo‘shimcha ravishda 1 milliard 400 million so‘mlik bojxona to‘lovlari hisoblandi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.