Avtotransport vositalari uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish to‘liq elektron shaklga o‘tdi
Endilikda avtotransport vositalariga bojxona plombalari va muhrlari ostida tovar tashishga ruxsat beruvchi guvohnomalarni rasmiylashtirish jarayoni to‘liq elektron shaklda amalga oshirilmoqda.
1975 yilgi Xalqaro yuk tashish (XYuT) daftarchasini qo‘llash to‘g‘risidagi Jeneva konvensiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2 dekabrdagi 727-son qaroriga muvofiq, 2025 yildan boshlab mazkur davlat xizmati partner.licenses.uz axborot tizimi orqali ko‘rsatilmoqda.
Viloyat bojxona boshqarmasining «Samarqand» va «Ulug‘bek» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tomonidan kelib tushgan arizalar ko‘rib chiqilib, belgilangan tartibda tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.
Shu munosabat bilan logistika kompaniyalari, xalqaro va mahalliy yuk tashuvchilar hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilaridan quyidagi talablarga amal qilish so‘raladi:
- guvohnoma olish uchun arizalarni partner.licenses.uz axborot tizimi orqali o‘z vaqtida yuborish;
- mas’ul xodimning chaqiruvidan so‘ng avtotransport vositasini 7 kun ichida ko‘zdan kechirish uchun taqdim etish;
taqdim etiladigan hujjatlar hamda avtotransport vositasining amaldagi talablarga to‘liq muvofiqligini ta’minlash.
Eslatib o‘tamiz, Bojxona kodeksining 230-moddasiga muvofiq, arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish muddati 10 ish kunidan oshmaydi.
Belgilangan muddatda avtotransport vositasi ko‘zdan kechirish uchun taqdim etilmagan taqdirda, arizani ko‘rib chiqish jarayoni kechikishi, axborot tizimida murojaatning «muddati o‘tgan» maqomiga o‘tishi hamda dasturiy muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Shu bois barcha logistika kompaniyalari, yuk tashuvchi tashkilotlar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari belgilangan talablarga qat’iy rioya qilishlari so‘raladi.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun «Samarqand» yoki «Ulug‘bek» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlariga murojaat qilish mumkin.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.