Ko‘mir orasida spirtli ichimliklar borligi aniqlandi

“Jartepa” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan yuk avtotransport vositasini bojxona xodimlari tekshiruvdan o‘tkazdi.

Nazorat jarayonida fuqaro A.B. boshqaruvidagi “FAW” rusumli yuk avtomobilida bir qarashda oddiy ko‘mir yuki sifatida ko‘ringan mahsulot ichida yashiringan noqonuniy yuk mavjudligi aniqlandi.
Avtotransport vositasiga ortilgan ko‘mir orasiga joylashtirilgan, bojsiz olib kirish me’yoridan ortiq bo‘lgan 21 litr “TRI BOGATIRYa” nomli spirtli ichimliklar borligi fosh etildi. Mazkur holat bojxona qoidalarini chetlab o‘tishga urinish sifatida baholanmoqda.

Aniqlangan qonunbuzarlik yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, hozirda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.