Er-xotin salkam 800 gramm “opiy”ni ichki a’zolarida yashirib o‘tayotganda ushlandi
Bojxona chegaralari orqali giyohvandlik vositalarini yashirincha olib o‘tishning dunyo bo‘ylab eng ko‘p kuzatiladigan usullaridan biri o‘zidan “jonli konteyner” sifatida foydalanishdir.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi va “Jartepa” chegara bojxona posti xodimlari narkotik moddalarni ichki organlariga yashirgancha olib kirishga uringan shaxslarni to‘xtatishdi.
Mazkur post orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqarolardan biri bojxona xodimining e’tiborini tortdi. Yo‘lovchi “Body scaner” qurilmasi orqali shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda bu shubhalar tasdig‘ini topdi. Ya’ni, ayolning ichki a’zosiga 3 dona o‘ram yashirilganligi aniqlandi.
O‘ramlar shifokorlar ko‘magida va xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida, ularning ichida jami og‘irligi 255 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu fuqaroga hamrohlik qilayotgan turmush o‘rtog‘i ham tezkor xodimlar tomonidan darhol kuzatuvga olindi va Samarqand shahridagi shifoxonalardan biriga olib kelindi.
Tibbiy ko‘rik davomida ushbu shaxsning ichki a’zolaridan 4 dona o‘ramlar chiqarib olindi. Mazkur o‘ramlarga 541 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi joylangan ekan.
O‘zidan “jonli kontneyner” sifatida foydalangan yo‘lovchilar tomonidan jami og‘irligi 796 gramm “opiy” giyohvandlik moddasini olib kirishga urinishning oldi olindi.
Holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.