1 kilo “opiy” bilan qo‘lga tushgan shaxsga sud hukmi o‘qildi: 8 yil qamoq

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan giyohvandlik moddasi aylanmasi bilan shug‘ullangan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi.

Urgut tumani Chep mahallasida yashovchi fuqaro Sh.S. o‘zining “Cobalt” rusumli yengil avtomashinasida “Jartepa-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan to‘xtatib tekshiriladi. Bu jarayonda avtomashina salonida 1 kilogramm “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanadi.

Fuqaro Sh.S. ushbu giyohvandlik moddasini Urgut tumanida yashovchi “Akmal” ismli shaxsdan boshqa birovga yetkazib berish uchun olganligi, buning uchun unga 500 AQSh dollari xizmat haqi berilganini ma’lum qilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Sh.S. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 57-moddasi hamda 273-moddasining 5-qismi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.