Qurilish bozori: soliq intizomi va tizimli muammolar tahlili

Uy-joylarning sun’iy ravishda past narxlarda rasmiylashtirilishi. Tahlillarga ko‘ra, rasmiylashtirilgan uy-joylarning o‘rtacha narxi bozor bahosidan ancha past ko‘rsatilgan. Masalan, shahar hududida 1 kvadrat metr uy-joy o‘rtacha 4 million so‘mdan rasmiylashtirilgan bo‘lsa, tumanlarda bu raqam 2 million so‘mga ham bormagan.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda, xususan, viloyatimizda qurilish sohasi iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylandi. Yangi turar-joy massivlari, zamonaviy ko‘p qavatli uylar va infratuzilma ob’yektlarining barpo etilishi aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda. Biroq sohadagi o‘sish sur’atlari bilan bir qatorda tizimli muammolar, xususan, soliq intizomining buzilishi holatlari ham ko‘payib bormoqda.

O‘tkazilgan tahlillar qurilish korxonalari faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Ko‘p qavatli uy joy quruvchi 142 ta korxona faoliyati o‘rganilib, ularning 50 tasida 2023-2025 yillar davomida byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan 294 milliard so‘mlik soliqlar yashirilgani aniqlandi. Bu raqam nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega.

Avvalo, yashirilgan soliqlar tarkibiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, asosiy ulush qo‘shilgan qiymat solig‘iga (170 milliard so‘m) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 60 milliard so‘m foyda solig‘i, 24 milliard so‘m ish haqidan ushlanadigan daromad solig‘i hamda qurilish ob’yektlarini o‘z vaqtida topshirmaslik natijasida 26 milliard so‘m mol-mulk va yer solig‘i qo‘shimcha hisoblangan. Bu holatlar qurilish sohasida moliyaviy shaffoflik yetarli emasligini ko‘rsatadi.

Birinchi muhim muammo – ish haqi jamg‘armasini sun’iy ravishda kamaytirish orqali soliqdan qochish holatlaridir. Tahlillar 41 ta korxonada aynan shu sxema qo‘llanilganini ko‘rsatdi. Natijada 48 milliard so‘m miqdorida daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar to‘lanmagan. Qurilish sohasida belgilangan minimal talablarga ko‘ra, bir shtatda ishlovchi shaxsga eng kam ish haqining to‘rt baravaridan kam mablag‘ yozilishi mumkin emas. Ammo amaliyotda bu talablarga rioya etilmagan. Bu kabi holatlar nafaqat davlat byudjetiga, balki ishchilarning ijtimoiy himoyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki rasmiy ravishda kam ish haqi ko‘rsatilishi kelajakda pensiya ta’minoti va boshqa ijtimoiy kafolatlarning kamayishiga olib keladi.

Ikkinchi yirik muammo – qurilgan uy-joylarning real sotuvi bilan hisobotlarda aks ettirilgan ma’lumotlar o‘rtasidagi tafovutdir. 29 ta korxona tomonidan 597 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, shundan 279 ming kvadrat metri rasmiy ravishda sotilmagan, deb ko‘rsatilgan. Aslida esa bu uylar amalda xaridorlarga sotilgan va to‘lovlari ham olingan. Bu orqali quruvchilar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan qochib, mablag‘larni o‘z aylanmasiga yo‘naltirgan. Oqibatda 97,5 milliard so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i byudjetga tushmay qolgan. Bu holat bozorda noqonuniy raqobatni ham keltirib chiqaradi, chunki halol ishlayotgan korxonalar soliq yukini to‘liq ko‘tarishga majbur bo‘ladi.

Uchinchi muammo – qurilish muddatlariga rioya etilmasligi bilan bog‘liq. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qurilish 24 oy ichida yakunlanmasa, mol-mulk va yer solig‘i ikki baravar stavkada hisoblanishi lozim. Biroq 36 ta korxonada ushbu talab bajarilmagan va 16,4 milliard so‘m soliq hisoblanmay qolgan. Bu holat shaharsozlik siyosatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Chala qurilish ob’yektlari shahar ko‘rinishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi, infratuzilma rejalashtirilishini izdan chiqaradi va aholi uchun qo‘shimcha noqulayliklar tug‘diradi.

To‘rtinchi jihat, uy-joylarning sun’iy ravishda past narxlarda rasmiylashtirilishi. Tahlillarga ko‘ra, rasmiylashtirilgan uy-joylarning o‘rtacha narxi bozor bahosidan ancha past ko‘rsatilgan. Masalan, shahar hududida 1 kvadrat metr uy-joy o‘rtacha 4 million so‘mdan rasmiylashtirilgan bo‘lsa, tumanlarda bu raqam 2 million so‘mga ham bormagan.

Oqibatda 24 ta korxona tomonidan 38 milliard so‘m QQS to‘lanmagan. Bu holat soliq bazasini sun’iy ravishda kamaytirish orqali amalga oshirilgan bo‘lib, davlat budjetiga jiddiy zarar yetkazgan.

Beshinchidan, hujjatsiz tovar va xizmatlardan foydalanish holatlari qayd etildi. Ayrim korxonalar qurilish materiallarini rasmiy kirim qilmasdan ishlatgan yoki hujjatlarda ko‘rsatilgan materiallar amalda ishlatilmagan. Bu esa soliq hisob-kitoblari da buzilishlarga olib kelgan va 30 milliard so‘m QQS hisoblanmay qolgan.

Oltinchi jihat – rentabellikni sun’iy pasaytirish orqali foyda solig‘idan qochishdir. 30 ta korxonada xarajatlar asossiz ravishda oshirib ko‘rsatilgan va natijada 11,5 milliard so‘m foyda solig‘i yashirilgan. Shuningdek, transport xizmatlaridan hujjatsiz foydalanish holatlari ham aniqlangan bo‘lib, qo‘shimcha ravishda 18,8 milliard so‘m soliq undirish imkoniyati mavjud.

Yana bir e’tiborli holat – ayrim qurilish kompaniyalarining boshqa hududlarda ro‘yxatdan o‘tib, Samarqandda faoliyat yuritishidir. Bu esa soliq tekshiruvlaridan qochish va nazoratni susaytirishga xizmat qilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan holatlar qurilish sohasidagi muammolar tizimli xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi. Bu yerda faqat alohida korxonalar emas, balki umumiy boshqaruv va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish zarur.

Muammolarni bartaraf etish uchun bir qator chora tadbirlar belgilab berilgan. Jumladan, aniqlangan 294 milliard so‘mlik soliq qarzdorligini undirish, hududlarda soliq qonunchiligiga rioya etilishini kuchaytirish, nazorat organlari xodimlarini bodikameralar bilan ta’minlash va qurilish ob’yektlarida onlayn kuzatuv tizimlarini joriy etish kabi vazifalar belgilangan.

Ayniqsa, qurilish ob’yektlariga kameralar o‘rnatish tashabbusi shaffoflikni ta’minlashda muhim qadam bo‘lishi mumkin. Bu orqali ishchilar soni, ish jarayonlari va qurilish bosqichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkoni paydo bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, viloyat qurilish sohasida aniqlangan soliq qonunbuzarliklari nafaqat moliyaviy intizom muammosi, balki iqtisodiy adolat va bozor shaffofligi masalasi ekanini ko‘rsatadi. Agar mazkur muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, bu kelajakda yanada katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Shu bois, davlat organlari, mahalliy hokimliklar va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, raqamli nazorat tizimlarini joriy etish va qonun ustuvorligini ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Kamolbek Norbekov,

viloyat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.