Qurilish ob’yektlarida nazorat kuchaytirildi
Viloyatda qurilish ob’yektlarida xavfsizlikni ta’minlash, me’yoriy talablarning to‘liq bajarilishini nazorat qilish hamda ishchi-xodimlar o‘rtasida profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadida favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tadbirlar tashkil etildi.
Mutaxassislarimiz tomonidan Samarqand shahri va tumani, Jomboy tumanidagi ob’yektlarida olib borilayotgan qurilish ishlari tasdiqlangan loyiha hujjatlariga mos ravishda amalga oshirilayotgani o‘rganildi. Ayrim ob’yektlarda loyiha talablariga rioya etilishi, qurilish materiallaridan to‘g‘ri foydalanish va texnik xavfsizlik choralarining bajarilishi yuzasidan muhim tavsiyalar berildi.
Samarqand shahridagi yangi qurilayotgan uy-joylarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislarimiz tomonidan yong‘in kelib chiqishining asosiy sabablari, ularning oldini olish choralari hamda favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakat qilish tartibi haqida batafsil tushuntirish berildi. Shuningdek, qurilish ob’yektlarida elektr jihozlaridan foydalanishda ehtiyot choralarini ko‘rish, yonuvchan materiallarni belgilangan tartibda saqlash va yong‘inga qarshi dastlabki vositalarning doimo soz holatda bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Jomboy va Samarqand tumanlarida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’yektlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ishchi-xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan profilaktik suhbatlar tashkil etildi.
Shuningdek, quruvchilar bilan mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bu kabi nazorat va targ‘ibot tadbirlari qurilish ob’yektlarida xavfsizlik darajasini oshirish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda inson hayoti va mulkini ishonchli himoyalashga xizmat qiladi.
Ahmadjon SAIDMURODOV,
viloyat FVB bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik.