Samarqand harbiy sudi uchun qurilayotgan yangi binoda kamchiliklar aniqlandi

Viloyat hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan hududlarda qurilish ishlarining sifatini nazorat qilishga qaratilgan o‘rganishlar izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi nazorat tadbiri Samarqand shahridagi «Vatanparvar» mahallasida Samarqand harbiy sudi uchun qurilayotgan yangi bino inshootida o‘tkazildi.

O‘rganishlar davomida buyurtmachi tashkilotning texnik nazorati, loyihachi tashkilotning mualliflik nazorati hamda qurilish tashkilotining ichki nazorati o‘z vaqtida olib borilmagani oqibatida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Jumladan:

➡️ Qorovulxona binosi eshik va derazalarining yon qismlaridagi temir-beton o‘zaklar loyihadan chetga chiqqan holda 80–100 millimetr kenglikda bajarilgan.
➡️ Binoning ichki devorlari uchun o‘rnatilgan metall o‘zaklardagi xomutlar oralig‘i ham loyiha talablariga muvofiq emas. Ularning qadami 1200 millimetr qilib bajarilgan, xomutlar uchun esa 50 millimetr o‘lchamdagi metall listlardan foydalanilgan.
➡️ Shuningdek, ichki devorlar terimi orasiga o‘rnatilayotgan to‘rlar loyihada belgilangan tartibda mahkamlanmagan.

➡️ Muhandislik tarmoqlarini o‘rnatishda ham kamchiliklar kuzatilgan. Jumladan, ichimlik suvi tarmog‘i uchun o‘rnatilgan temir-beton quduqlar orasiga N detali o‘rnatilmagan. Polietilen quvurlar esa ostki qismiga sariq qum to‘shalmasdan o‘rnatilgan.
➡️ Bundan tashqari, qurilish ishtirokchilari tomonidan nazorat.mc.uz tizimi orqali nazorat ishlari olib borilmagani aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qurilish ishtirokchilariga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Ularning ijrosi inspeksiya tomonidan nazoratga olindi.