Qurilishdagi qing‘irliklar qanday bartaraf etilyapti?

Bugun nima ko‘p – qurilish ko‘p. Istalgan shahar va qishloqqa boring, yangi qurilayotgan, ta’mirlanayotgan bino va inshootlarni ko‘rasiz.
Quvonasiz-a. Yangi uylar, ravon yo‘llar, yangi maktab va bog‘chalar, shifo maskanlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, yirik zavod va ishlab chiqarish korxonalari – barcha-barchasi yurt obodligidan nishona, odamlar uchun qulay, yuqori darajadagi turmush sharoiti yaratilayotganidan dalolat.
Ammo ba’zida qurilish ob’yektlarida “Mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish tutilayotgani, davlat tomonidan ajratilayotgan katta-katta mablag‘ maqsadsiz ishlayotilayotganini ko‘rib, hafsalangiz pir bo‘ladi.
Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasining joriy yil olti oyidagi faoliyatiga nazar tashlab, ular tomonidan o‘tkazilgan nazorat va monitoring tadbirlari davomida bir qator shunday holatlar qayd etilganini ko‘rdik.
Masalan, Urgut tumani Kamongaron ko‘chasida qurilayotgan savdo kompleksi binosi kotlovan nishabligi qurilish me’yorlariga zid bajarilgan. Past Darg‘om tumani Chortut mahallasida barpo etilayotgan ko‘p qavatli binoga olib kelingan beton plitalarning sifati belgilangan talablarga mos emas. Oqdaryo tumani Boshdarxon mahallasida qurilayotgan maktab binosining xonalarora devorlari belgilangan talablarga zid ravishda loy-tuproq qorishma bilan terilgan. Bulung‘ur tumani Olmazor mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 300 o‘rinli yangi maktab binosi hamda 12x24 o‘lchamdagi sport zali poydevori qurilishida bir qator kamchiliklar aniqlangan.
Qurilishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan qurilish tashkiloti mas’ullariga tushuncha berilib, aniqlangan nuqsonlar joyida bartaraf etilgan.
Inspeksiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, inspeksiya tomonidan viloyatimizdagi 2925 ta qurilish ob’yektida nazorat ishlari olib borilmoqda. Yilning birinchi yarmida mazkur ob’yektlarda 18 ming 214 marotaba monitoring o‘tkazilgan va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qurilishga mas’ullarga 10 ming 301 ta yozma ko‘rsatmalar berilgan. Qurilish ob’yektlarida qo‘llanilgan sifatsiz qurilish materiallari va buyumlari yuzasidan 36 ta tashkilotga taqdimnomalar kiritilgan. 524 holatda esa sifatsiz qurilish-montaj ishlari buzdirildi. Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 544 holatda inspeksiya vakolati doirasida ma’muriy jarimalar rasmiylashtirilgan. Loyihalashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yiganligi uchun 4 ta mas’ul tashkilotning litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarini bekor qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilgan.
Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish borasidagi ishlar ham muntazam o‘rganib borilmoqda. Yil boshidan buyon viloyatda mavjud 2650 ta ko‘p kvartirali uyning 1393 tasi texnik holati o‘rganilganda 197 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga yozma ko‘rsatmalar berilgan.
Misol uchun, Samarqand shahar Kattaariq mahallasida joylashgan ko‘p qavatli turarjoy binosining ichki tayanch va to‘siq konstruksiyasiga shikast yetkazgan holda fuqaro tomonidan noqonuniy tarzda eshik ochilganligi aniqlangan. Bu fuqaroga nisbatan 7,5 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilib, nuqson ixtiyoriy ravishda bartaraf qilingan.
Ko‘p qavatli uylarda aniqlangan shu kabi 124 ta huquqbuzarlik bartaraf etilib, 13 holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Qurilishdagi kamchilik va nuqsonlar hali bino, inshoot qurilayotgan paytda aniqlanib, bartaraf etilgani yaxshi, albatta. Ammo bunday kamchiliklar inspeksiya nazorati yoki buyurtmachi e’tiboridan chetda qolib ketsa nima bo‘ladi? Bunday holatlar uchramaydi, deb ayta olamizmi? Afsuski, bunga hech kim kafolat bera olmaydi. Buyog‘i quruvchining, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchining zimmasidagi mas’uliyatni qay darajada his qilishiga, vijdoniga bog‘liqmi?
G‘olib Hasanov.