Paxtachini Dabusiya deb nomlash kerak
Paxtachi tumani tarixiy joylaridan eng qadimgisi Dabusiya shahri hisoblanadi. Tarixiy manbalarda bu shahar xaqida ko‘plab ma’lumotlar bor. Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Dabusiya to‘g‘risida qisqa va qiziqarli ma’lumot keltirilganligini ko‘rishimiz mumkin: “Hali Buxoro shahri vujudga kelmagan, lekin qishloqlaridan ba’zilari paydo bo‘lgan edi. Nur, Xarqonrud, Vardona, Tarovcha, Safna va Isvonalar o‘sha qishloqlar jumlasidandir. Podshoh turadigan katta qishloq Boykand (Poykand) edi. Shahar (“Qal’ayi Dabusiy”) “Dabusiy qal’asi” bo‘lib, shahar deb shuni atar edilar”.
Ushbu ma’lumotning qiziq jihati shundaki, podshohning turar joyi Poykent qishlog‘ida bo‘lgan. Qal’ayi Dabusiy esa shahar hisoblangan.
Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida keltirilishicha: “1493 yilda shahar (Dabusiya) atrofida Shayboniyxon tomonidan Ahmad Mirzoning ukasi, Buxoro hukmdori Boqi Tarxonning qo‘shini qirib tashlangan”. Lekin Shayboniyxonga Dabusiyani egallash nasib etmagan va uning raqiblari tezda shaharni qaytarib olgan.
X asrda Movarounnahrga kelgan arab sayyohi Ibn Havqal Dabusiya aholisi dehqonchilik va to‘qimachilik bilan shug‘ullanishi borasidagi qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Uning yozishicha, Dabusiyada dehqonlar yetishtirgan paxtadan “Vedari” navli gazlama ishlab chiqarilgan. Yumshoq, sarg‘ishrang bu mato juda pishiq bo‘lib, yuvilganida rangi ketmagan. Bu mato Xurosonda juda mashhur bo‘lib, “xuroson parchasi” deb atashgan. Undan amirlar, vazirlar va aslzodalar libos tiktirib kiyganlar. Dabusiya hunarmandlari yaratgan yumshoq va pishiq gazlamadan to‘qilgan liboslarni asosan amaldorlar kiygan. Hatto Bag‘dodda ham bu gazlamalarni nihoyatda qadrlashgan. Boshqa yurtlarda ishlab chiqarilgan gazlamalar 1 dinordan sotilgan bo‘lsa, Dabusiyada to‘qilgan gazlamalar 2 dinordan 10 dinorgacha baholangan.
Dabusiyada to‘qimachilik bilan birga zargarlik va kulolchilik rivojlangan bo‘lib, bu yerda paxta va jundan to‘qilgan matolar va teridan yasalgan mahsulotlar, zargarlik taqinchoqlari, kulollar tomonidan yasalgan idish-tovoqlar bejirimligi, sifatliligi bilan ajralib turgan. Bu mahsulotlarning bozori chaqqon bo‘lganligi bois Sharqu G‘arb bozorlarini bezagan.
Ibn Havqalning “Movarounnahr” asarida ad-Dabusiyyada Ummaviylar davrida (7 asr) arab qo‘shinlarining qarorgohi joylashganligini aytadi. Shaharning nomi islomdan oldin hukm surgan Dabusa ismli podshoh nomi bilan bog‘liq. ad-Dabusiyya atrofida unga qarashli Butanin, Rag‘in, Kandukin nomli qishloqlar bo‘lgan. Karminiyadan (hozirgi Karmana tumani) ad-Dabusiyyagacha bo‘lgan masofa 1 marhal ekanligi qayd etilgan.
Numizmatik – tangashunos olim Boris Kochnevning ma’lumotlariga ko‘ra, 423-428 hamda 1031-1036 yillarda Dabusiyada “Qutlug‘ O‘rda ad-Dobusiya” degan yozuvli tangalar – dirhamlar zarb etilgan. Ushbu tangalar savdo-sotiqda keng qo‘llanilgan.
1970 yil Toshkentda nashr qilingan “O‘zbekiston SSR tarixi” kitobida “Mo‘g‘ullar Buxoroda g‘oyatda ko‘p asirlar oldilar. Asirlarning sog‘lom va baquvvatlari Samarqand, Dabusiya va boshqa shaharlarni qamal qilishdagi og‘ir ishlarni bajaradigan otryadlarga olindi. Mo‘g‘ullar Buxorodan Samarqandga bosqinga qarshilik ko‘rsatish markazi sari yurdilar. Chamasi mo‘g‘ullarning asosiy qismi chap qirg‘oq bo‘ylab Samarqandga yo‘l olishgan. Faqat Dabusiya shahrigina mo‘g‘ullarga qarshilik ko‘rsatdi”, deya qayd etilgan.
Abu Rayhon Beruniyning “Qonuni Ma’sudiy” asarida ham So‘g‘d davlatining Dabusiya shahri geografik koordinatalari ko‘rsatilgan. Mirzo Ulug‘bekning “Turt ulus tarixi” asarida Dabusiya shahri haqida ma’lumotlar uchraydi.
1973 yil A.M.Belenskiy, I.B.Bentovich, O.G.Bolshakov tomonidan Leningradda chop qilingan “Srednevekoviy gorod Sredney Azii” kitobida O‘rta asrlarda So‘g‘d davlatining Dabusiya shahri qayd etilgan.
Qirg‘inbarot janglarni, shavkatli kunlarni boshidan kechirgan Dabusiya shahri Qutayba ibn Muslim, Chingizxon, Mirzo Bobur va Shayboniyxon kabi lashkarboshilar va hukmdorlar bilan yuzma-yuz kelgan. XIII asrning boshida dabusiyaliklar katta sonli mo‘g‘ullarga qarshi jangga kirishadi. Mo‘g‘ullar shaharni ishg‘ol qilib, uni vayron qiladi. Shundan so‘ng shahar hududi torayib, Dabusqal’a nomini oldi. Qal’ada XX asrning 30-yillarigacha hayot qaynagan. Shahar raboti 70 gektarni, shahristoni 22-23 gektarni tashkil etgan. Shahar hukmdorini Dabusshoh deb atashgan. Shahar bir necha asrlar davomida viloyat markazi bo‘lgan.
Yodgorlik uch qism - ark, shahriston va rabotdan iborat bo‘lib, ark yodgorlikning shimoliy-g‘arbiy burchagida joylashgan. Arkning shimoliy qismidan Zarafshon daryosi oqib o‘tadi, g‘arbiy qismi esa baland mudofaa devori bilan o‘ralgan. Janubiy qismi shahristondan chuqur xandak orqali ajratilgan. Ark bilan shahriston sharq tomondan bir-biriga tutashgan.
Shaharning ikkinchi qismi - shahriston arkni shimol, sharq va janub tomonlardan to‘laligicha o‘rab turadi va uning o‘zi ham kvadrat shaklga ega. Shahristonning umumiy maydoni 23 gektar bo‘lib, mahobatli mudofaa devorlari bilan himoyalangan. Devorlarida olib borilgan tadqiqotlarda uning ichida keng koridorlar borligi aniqlangan.
Shaharning uchinchi qismi - rabot shahristondan janubga qarab cho‘zilgan. Atrofi mudofaa devorlari bilan o‘ralganmi, yo‘qmi, hozircha noma’lum. Shahriston mudofaa devorining bir parchasi shaharchaning janubi-g‘arbiy qismida saqlanib qolgan.
Arkda hukmdor, shahristonda aslzodalar, mansabdorlar va shaharliklar, savdogarlar istiqomat qilgan. Rabotda esa harbiy ba’zalar, hunarmandlarning ustaxonalari joylashgan. Afsuski, ular bugungi kungacha yetib kelmagan. Faqat XVI asrda Abdullaxon 2 davrida qurilgan, 1593-1594 yillarda vafot etgan “Imom Bahra ota” maqbarasi saqlanib qolgan.
2007 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Ya.G‘ulomov nomli arxeologik tadqiqotlar instituti bilan yaponiyalik olimlar hamkorlikda Dabusiyada qazishmalar olib bordi. Keng ko‘lamli qazishmalar natijasida shaharga bundan 2600 yil avval asos solingani ilmiy jihatdan isbotlandi.
Bu esa shaharning Zarafshon vohasida Samarqanddan keyingi ikkinchi qadimiy shahar ekanligini ko‘rsatadi.
Hozir qal’adan nishon qolmagan, hudud qabristonga aylangan. Maydoni 80 gektar atrofida bo‘lgan hudud Zarafshon daryosiga yaqin joylashgan. Narpay, Paxtachi va Xatirchi tumanlarida yashovchi aholi yaqin yillargacha Ramazon va Qurbon hayitlarida bu yerga yig‘ilib namoz o‘qishgan, sayillar o‘tkazganlar.
2021 yil 16 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev viloyat faollari bilan uchrashuvda Paxtachi tumani nomini o‘zgartirish bo‘yicha taklif kiritib, «Menga Paxtachi nomli tuman yoqmaydi. Nimaga u Paxtachi bo‘lishi kerak? Buning tarixi yo‘qmi? Karmana va boshqa tumanlarning o‘z tarixi bor. Tarixchilar tuman tarixini o‘rganib, kelajakda shoshilmasdan, fursatdan foydalanib nomini ham o‘zimizga munosib qilib qo‘yaylik. Nima, biz paxtachi bo‘lib o‘tib ketaveramizmi?» degandi.
Paxtachi tumani 1935 yil 9 fevralda Narpay tumani hududining bir qismida Paxtakor tumani nomi bilan tashkil qilingan. 1963 yilda yana Narpay tumaniga qo‘shilgan. 1973 yil 12 aprelda Paxtachi tumani nomi bilan yana alohida tuman sifatida ajratilgan. Keyinchalik Jizzax viloyatida ham Paxtakor nomli tuman tashkil etildi. Bir nomli tumanlar bo‘lmasligi uchun Narpaydan ajratilgan tuman Paxtachi deb nomlandi. Bu nom bugun ma’nan eskirdi, qolaversa, Paxtachi tarixiy ma’noni ham ifodalamaydi.
“Hudud mang‘itlardan bo‘lgan Buxoro amiri Amir Haydar ibn Shohmurod davridan (1800-1826) boshlab Ziyovuddin bekligi deyilgan. Mazkur beklikning qarorgohi Dabusiya shahri ichida bo‘lgan. Joyning tekislanib qabristonga aylantirilgan, undan bir necha metr devorchagina qolgan, xolos”, deydi professor Z.Muqimov “Davlat va huquq tarixi” kitobida.
Hudud Paxtachi deb atalishidan oldin 200 yil Ziyovuddin nomi bilan qo‘llanilgan, undan oldin esa kamida 2000 yil Dabusiya deb nomlangan. Hukumat portalida https://gov.uz/oz/paxtachi/survey ikkita nom taklifi bilan “Ziyovuddin” va “Dabusqal’a” nomlari ovozga qo‘yilgan.
Shunday ekan, hududning asl tarixini to‘g‘ri ifodalash, mahalliy aholi qalbida g‘urur va faxrlanish his-tuyg‘ularini shakllantirish, hududning sayyohlik salohiyatini oshirish va ko‘proq ziyoratchilarni jalb etish, qadimiy shahar tarixini ilmiy o‘rganishga davlat tomonidan keng e’tibor qaratish uchun o‘z davrining katta shahri, viloyat markazi bo‘lgan bu maskanni tarixiy manbalarda ko‘rsatilgan atama - Dabusiya deb nomlash maqsadga munosib.
“Qal’a” so‘zi tor ma’noda ifodalanadi va ark, shahriston, rabot qismlaridan iborat qadimiy shahar haqida noto‘g‘ri tasavvurni uyg‘otadi. Tarixdan ma’lumki, O‘zbekiston hududida son-sanoqsiz qal’alar bo‘lgan. Biroq Dabusiya kabi shaharlar barmoq bilan sanarli edi.
Qolaversa, mahalliy aholi hozirgacha bu maskanni Dabusqal’a emas, Dabusiya deb atab kelmoqda.
Prezidentimiz shoshilmasdan, hudud tarixini o‘rganib, munosib nom qo‘yyalik degan bo‘lsa-da, tarixchi va arxeolog olimlardan xulosa va takliflar olindimi? Bu yerda arxeologik qazishma ishlarini olib borgan arxeologiya olim A.Berdimurodov, professor Z.Muqimov, “Ziyovuddin tarixi” asari muallifi I.Sanayevlardan nega taklif so‘ralmayapti?
Jumladan, A.Berdimurodov “Zarafshon” gazetasining 03.12.2009 yildagi 146-sonida “Dabusiya shahar bo‘lgan” sarlavhali maqolada qo‘yidagilarni aytadi: “Mo‘g‘ullar 1220 yilda Dabusiyani katta qiyinchiliklar bilan ishg‘ol etadilar. Muhammad Xorazmshohning mard o‘g‘li Jaloliddin Manguberdi tomonidan Dabusiyada qurilgan mustahkam mudofaa devorlarini ayovsiz buzib tashlashdi. Shahar boyligi ayovsiz talandi, endi u imoratlarsiz bir qal’aga aylanib qolgandi. Dabusiya shahri oradan ancha yil o‘tib, 1722 yilda Ashtarxoniylar tomonidan bosqinchilikka uchradi. Rajab Muhammad Sulton Samarqandni bosib olgach, buyuk sarkarda Amir Temurning Ko‘ktoshida tantanali ravishda o‘tirish marosimini o‘tkazadi. Shundan so‘ng Dabusiyani ham istilo qiladi, dushman shaharni ayovsiz talaydi, erkaklarni qul qilib olib ketadi, xotin-xalajlarni cho‘riga aylantiradi. 1753 yilning mart oyida Dabusiya ustiga yana bir yurish uyushtirildi. Buxoro amiri Abulfayzxonni mahv etib taxtni egallagan Muhammad Rahimxon Dabusiyani butunlay vayron etishgacha bordi. Amir qoldirgan lashkarlar zulmidan aziyat chekkan aholining katta qismi shaharni asta-sekin tark eta boshlaydi. Shu tariqa shahar xarobaga aylanib boradi. 19 asrga kelib Dabusiya shahri o‘rnida Ziyovuddin bekligi tashkil etiladi. Bek o‘zi uchun yangi qo‘rg‘on qurib olgach, Dabusiyaga bo‘lgan e’tibor susaydi”.
Mahalliy aholi Mustaqillikdan keyingi 35 yil mobaynida joy nomlarini ifodalashda sobiq kolxoz nomlaridan hozirgacha foydalanadi. Masalan, ko‘pchilik haliyam “Kalinin”, “Kirov”, “Marks”, deydi, O‘sha yerdagi mahalla nomini aytmaydi. Kirakashlarning avtoulovida ham “Ziadin-Oxun”, “Ziadin-Kalinin” kabi nomlarni uchratasiz. Chunki hozirgi nomini yozsa, xalq tushunmaydi.
Sobiq ittifoq davridan beri Ziyovuddin shaharchasi nomini to‘liq aytmay, “Ziadin” deb qo‘llab kelayotgan xalq “Ziyovuddin tumani” nomini qabul qiladi, deb o‘ylaysizmi? Qisqaroq, jarangdor, tarixiy nom - bu Dabusiya.
Dabusiya nomi ruslar bosqinidan ancha oldin qo‘llanilgan.
Qoraqalpog‘istonda ham Ellikqal’a tumani bor. Qoraqalpog‘istonda qal’a bo‘lgandir, saqlanib qolganmi, yo‘qmi, bilmayman. Lekin Dabusiya shahar bo‘lgan, qal’a emas.
Yaxshiboy HUSANOV.