Paxtachida elektromoped kanalga tushib ketdi

Paxtachi tumanida yuk tashishga mo‘ljallangan elektromopedning kanalga tushib ketishi oqibatida 4 nafar fuqaro halok bo‘ldi.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, baxtsiz hodisa 31 may kuni soat 20:25 atrofida Paxtachi tumani Ukrach mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Narpay kanalida sodir bo‘lgan. “112” tizimi orqali kelib tushgan xabarga ko‘ra, elektromoped haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida transport vositasi unda bo‘lgan 8 nafar fuqaro bilan birga kanalga tushib ketgan.
Hodisa joyiga yetib borgan qutqaruvchilarga ko‘ra, kanalga tushib ketganlarning 4 nafari hodisa sodir bo‘lgan vaqtdayoq mahalliy aholi tomonidan qutqarib qolingan. Shundan so‘ng qutqaruvchilar ishtirokida suvda keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari tashkil etilgan. Qidiruv ishlari davomida qolgan 4 nafar fuqaroning jasadi kanaldan olib chiqilgan.

Dastlabki surishtiruvlarda aniqlanishicha, 1984 yilda tug‘ilgan haydovchi elektromopedda turmush o‘rtog‘i hamda o‘zi va qo‘shni xonadondan bo‘lgan 6 nafar voyaga yetmagan bolani sayr qildirayotgan bo‘lgan.
Ayni paytda hodisa sabablarini aniqlash maqsadida tuman prokuraturasi, ichki ishlar organlari va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tegishli o‘rganish va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.