Baxtsiz hodisani kutish shartmidi?

Payariqda uch yoshli bolakay xususiy bog‘chalardan birida qarovsiz qolib, shu yaqin atrofdagi maktab hududiga qarashli suv havzasiga tushib ketdi. Hodisa oqibatida bolakay vafot etdi.
Viloyat maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborotiga ko‘ra, hodisa shu yilning iyun oyida Payariq tumanining Sarbozor mahallasida ro‘y bergan. “Yulduzcha” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisi bog‘cha yaqinidagi umumta’lim maktabiga tegishli bo‘lgan suv havzasiga qiziqib boradi va o‘sha yerga yiqilib tushadi.

Holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlangan.
Shu kunlarda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, baxtsiz hodisa ro‘y bergan umumta’lim maktabi hududidagi suv havzasi atrofi endilikda temir to‘siqlar bilan to‘silib, atrofi o‘ralibdi. Nega shu holat o‘z vaqtida amalga oshirilmagan? Nega bog‘cha tarbiyalanuvchisi qarovsiz qolmoqda? Savollarga tergov xulosalariga tayangan holda javob olamiz.