Rossiyada balandlikdan yiqilib, halok bo‘lgan 22 yoshli samarqandlik yigitning jasadi olib kelindi
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyada 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi balandlikdan yiqilib, halok bo‘lganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1998 yilda Camarqandda tug‘ilgan A.Fayziyev Rossiyaning Leningrad oblast Vsevoloj tumanidagi qurilish korxonasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirgan.
Joriy yilning 17 iyun kuni ish vaqtida texnik xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganligi sababli balandlikdan yiqilib tushgan va oradan 4 kun o‘tib, 21 iyun kuni shifoxonada vafot etgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan ish beruvchi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida A.Fayziyevning jasadi bugun, 25 iyun kuni Sankt-Peterburg-Toshkent yo‘nalishida Vatanga olib kelindi va kompensatsiya pullari to‘liq undirildi.
Bugungi kunda baxtsiz hodisa yuzasidan Rossiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.