Hindistonda noqonuniy hibsda saqlanayotgan o‘zbekistonlik 3 ayol bilan bog‘liq vaziyat haqida rasmiy ma’lumot berildi
Hindistonning ayrim ommaviy axborot vositalarida ushbu davlatning Bihar shtatida hibsda ushlab turilgan o‘zbekistonlik ayollar haqida ma’lumotlar tarqaldi.
Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi ushbu masalaga oydinlik kiritdi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik uch nafar ayol 2021 yil oktyabr oyida Hindiston-Nepal chegarasining Bihar shtatidagi hududidan noqonuniy tarzda o‘tayotganda qo‘lga olingan.
Arariya shahridagi birinchi instansiya sudi 2022 yil avgust oyida O‘zbekiston fuqarolarini mamlakat hududidan chiqarib yuborish (deportatsiya qilish) to‘g‘risida chiqargan qaroriga qaramasdan turli byurokratik to‘siqlar va yurisdiksiyaning murakkabligi sababli ular haligacha ushlab turilgani aniqlandi.
Afsus bilan qayd etish joizki, fuqarolarimiz yoki ularning yaqinlari tomonidan o‘z vaqtida ushbu masala yuzasidan tezkor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaat qilinmagan.
"Elchixona tomonidan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va Bihar shtatining tegishli idoralari bilan mazkur holat yuzasidan rasmiy muloqotlar o‘tkazilmoqda. Vaziyat nazoratga olindi va fuqarolarimizni vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo‘lib turish chog‘ida mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi" deyiladi TIV xabarida.