Samarqanddan Hindistonga aviareyslar ochilishi mumkin

Hindistonning ommabop "Travel Trends Today" (T3) jurnalida ushbu mamlakatning yirik shaharlarida O‘zbekiston sayyohlik salohiyati va "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasining yangi yo‘nalishlariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan turkum taqdimot marosimlari haqida maqola chop etildi.

"Uzbekistan Airways" AJ, O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi va "Arya Enterprises" kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu yorqin tadbirlarda Hindistonning yirik sayyohlik kompaniyalari, mehmondo‘stlik sanoati va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etgan.

Jurnal hindistonlik sayohatchilar uchun O‘zbekistonga turlar tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokamasiga to‘xtalgan. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi aviareyslarning bugungi holati va o‘zaro havo qatnovlarini yanada ko‘paytirish borasidagi sa’y-harakatlarga baho bergan.

Ta’kidlanishicha, "Uzbekistan Airways" kompaniyasi 2025 yilgi yozgi jadvaldan boshlab haftaning juma kunlari Toshkent va Mumbay o‘rtasida uchinchi reysni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Hozirda bu shaharlar seshanba va shanba kunlari haftasiga ikkita reys orqali bog‘langan.

2023 yil avgust oyida Toshkent va Dehli shaharlari o‘rtasida "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan haftasiga olti marta parvoz amalga oshirilgan edi. Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlarini "Uzbekistan Airways" va "IndiGo" (Hindiston) kompaniyalari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan 14 ta aviareys bog‘lab turibdi. "Uzbekistan Airways" joriy yil aprel oyida Mumbay shahri va oktyabr oyida Goa shtatiga haftasiga ikki martadan yangi parvozlarni o‘zlashtirgach, haftalik ko‘rsatkich 18 taga yetdi.

Yangi parvozlar jug‘rofiyasi Samarqand, Buxoro, Namangan, Amritsar, Bangalor, Haydarobod, Chennay va boshqa shaharlarni qamrab olishi rejalashtirilmoqda, deya xabar beradi "Dunyo" AA.