Air Samarkand aviakompaniyasi birinchi parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirdi
Bugun, 29 dekabr kuni Air Samarkand aviakompaniyasining ilk parvozi "Airbus A330" samolyotida yo‘lovchilarni Istanbulga yetkazish orqali amalga oshirildi.
Turkiya Samarqanddan eng talabgor va mashhur yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Aviakompaniya poytaxtning ikkala aeroportiga, shuningdek, Turkiyaning boshqa shaharlariga ham aviareyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Aviakompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, borti 305 yo‘lovchidan iborat birinchi tijorat reysi Samarqand xalqaro aeroportidan soat 10:50 da Istanbulga yo‘l olgan.
– Samarqanddan yo‘lovchi reyslarining joriy etilishi nafaqat biz uchun, balki bizning asosiy aeroportimiz, shahar va butun respublika uchun ham katta voqeadir, – dedi Air Samarkand bosh direktori Anton Xodjayan. - Bizning jamoamiz Samarqanddan parvozlarni yo‘lga qo‘yish uchun salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Yaqin kelajakda biz yangi yo‘nalishlar ochishni, flotning kengayishini va boshqa maqsadlarga erishishni mo‘ljal qilganmiz.
27 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik aviatsiyasi agentligi aviakompaniyaga aviatsiya qonunchiligi, xalqaro standartlar va IKAO parvozlar xavfsizligini ta’minlash talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi asosiy hujjat - "Ekspluatant sertifikati"ni taqdim etdi. 28 dekabrda aviakompaniya parvozlar va kabinalar ekipajlarini faoliyatini sinovdan o‘tkazish, shuningdek, yo‘lovchilar tashish xizmatini yo‘lga qo‘yishdan avval barcha talab va tartiblarga rioya etilishini ta’minlash maqsadida Samarqanddan Toshkentga namoyish reysini muvaffaqiyatli tashkil etdi.
Hozirgi kunda aviakompaniya charter asosida parvozlarni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Ammo bahor-yoz mavsumi boshiga kelib muntazam reyslarni amalga oshirishni va veb-saytida, kassalar va onlayn-agregatorlar orqali chiptalarni sotishni rejalashtirgan. Aviakompaniya floti zamonaviy xavfsiz "Airbus A330", "Airbus A320" va "Airbus A321" samolyotlaridan iborat.