Samarqand va Urumchi o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi
Samarqandda o‘tkazilayotgan Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi arafasida Air Marakanda kompaniyasi China Southern Airlines aviakompaniyasi bilan hamkorlikda ilk bor "Samarqand-Urumchi" yo‘nalishida muntazam qatnovlarni boshladi.
Birinchi parvoz munosabati bilan Samarqand xalqaro aeroporti terminalida tantanali marosim tashkil etildi. Urumchidan uchib kelgan ilk yo‘lovchilar karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.
Air Marakanda kompaniyasi bosh direktori Anton Xodjayan, China Southern Airlines avikompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasi bosh direktori Shen Yi va Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov Samarqand va Urumchi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan mazkur aviqatnov istiqbolli bo‘lishini ta’kidladilar. Bu qadimiy Buyuk ipak yo‘lining zamonaviy shaklda qayta tiklanishi ifodasi bo‘lib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Endilikda Samarqanddan Sinzyan-Uyg‘ur avtonom rayonining siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaziga parvozlarni haftaning dushanba kuni tunda 01:30 da amalga oshirib, Urumchidan yakshanba kuni soat 23:20 da qaytish mumkin.
Aviaqatnovlar zamonaviy va barcha qulayliklarga ega "Boeing 737-800" samolyotlarida amalga oshiriladi.