Uzbekistan Airways parvozlar xaritasini kengaytirmoqda:Abu-Dabi – yo‘nalishlar tarmog‘idagi yangi manzil

O‘zbekiston havo yo‘llari (Uzbekistan Airways) milliy aviakompaniyasi o‘zining xalqaro parvozlar geografiyasi sezilarli darajada kengaygani va Birlashgan Arab Amirliklarining Etihad Airways aviakompaniyasi bilan strategik kod-sher (codeshare) kelishuvi imzolanganini e’lon qildi.

Ushbu hamkorlik Uzbekistan Airways yo‘lovchilari uchun Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahriga parvoz qilish imkoniyatini yaratadi. “Toshkent – Abu-Dabi – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha milliy aviakompaniyaning HY kodi ostidagi qatnovlarga aviachiptalar savdosi 2026 yil 25 maydan boshlanadi. Birinchi qo‘shma parvozlarni amalga oshirish esa 2026 yil 9 avgustdan yo‘lga qo‘yiladi.

Endilikda yo‘lovchilar yagona aviachiptani bevosita milliy tashuvchidan xarid qilgan holda, Abu-Dabiga o‘z sayohatlarini rejalashtirishlari mumkin. O‘z navbatida, Etihad Airways mehmonlari Toshkent orqali O‘zbekistonning sakkizta ichki yo‘nalishi – Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus, Termiz, Farg‘ona, Namangan va Andijonga qulay ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Hamkorlik, shuningdek, UzAirPlus va Etihad Guest sodiqlik dasturlarini integratsiya qilishni ham ko‘zda tutadi. Bu har ikkala aviakompaniyaning tez-tez parvoz qiluvchi yo‘lovchilariga ballarni to‘plash va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirib, parvozlar yanada manfaatli bo‘lishini ta’minlaydi.

Abu-Dabiga qatnovlarning ochilishi O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviakompaniyasining Dubayga amalga oshirilayotgan amaldagi har kungi qatnovlariga muhim qo‘shimcha bo‘lib, yo‘lovchilarga BAAga sayohatlarni rejalashtirishda yanada ko‘proq moslashuvchanlik va qulaylikni taklif etadi.

Yangi aviqatnovlar uchun chiptalarni shu yilning 25 mayidan www.uzairways.com rasmiy saqtida, mobil ilovada, shuningdek, Uzbekistan Airways Sales filialida va aviakompaniya agentlaridan band qilish mumkin.