Ichki zaxiralar asosida hududlarni rivojlantirish choralari belgilandi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi, o‘ttiz oltinchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya ishini Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.
Deputatlar dastlab, Samarqand viloyati shahar va tumanlarida mavjud imkoniyat hamda ichki zaxiralarni safarbar etish orqali hududlarni rivojlantirish “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar.
Davlatimiz rahbari tomonidan shu yilning iyun oyida hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvlarga tayangan holda “Aql markazi – hokimlik – Xalq deputatlari Kengashi” tamoyili asosida yo‘l xaritalari ishlab chiqish topshirig‘i berilgan edi. Mazkur topshiriq asosida viloyatimizga kambag‘allik va mehnat bozori tadqiqotlar markazi “aql markazi” sifatida biriktirilgan. Markaz tomonidan qisqa vaqt ichida Samarqand viloyati shahar va tumanlarida mavjud imkoniyat hamda ichki zaxiralarni safarbar etish orqali hududlarni rivojlantirish “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqildi. 69 banddan iborat yo‘l xaritasida har bir tuman, shahar bo‘yicha sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qurilish, yo‘l infratuzilmasi, kommunal xo‘jalik va boshqa sohalarni qamrab olgan loyihalar, ularni amalga oshirish muddatlari va mas’ullar belgilangan.
Kambag‘allik va mehnat bozori tadqiqotlar markazi direktori D.Karimov “Yo‘l xaritasi” va unda belgilangan loyihalar ilmiy yondashuv asosida amalga oshirilishi, shahar va tumanlarning tabiiy, xomashyo, logistika va turistik salohiyatidan samarali foydalanilishi va shu orqali yalpi hududiy mahsulot o‘sishi jadallashtirilishini ta’kidladi.
Deputatlar “Yo‘l xarita”sini tasdiqladilar.
Shundan so‘ng Respublika iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taklif etilayotgan Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) ishtirokidagi “Samarqandda natijalarga erishish uchun birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimini tizimli takomillashtirish dasturi” (ShIFO-1) natijaga asoslangan moliyalashtirish (PforR) loyihasi konsepsiyasi ko‘rib chiqildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyev mazkur konsepsiya va uni amalga oshirish tartiblari, kutilayotgan natijalar haqida axborot berdi.
Shuningdek, sessiyada viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi va Kengash vakolatiga doir boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.