Mustaqillik, eng avvalo, xalqning qalbidagi bayram
Samarqand zaminida bayram shodiyonasi. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida viloyatning turli hududlarida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya atrofida birlashgan “Mustaqillik to‘yi” festivali tadbirlari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Festivalning Paxtachi tumanidagi tadbirlari ham oddiy bayram emas, xalq bilan yuzma-yuz muloqot, samimiy suhbat va ezgu tashabbuslarga boy kechdi. Tuman aholici uchun ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va ijtimoiy yo‘nalishlarda turli tadbirlar tashkil etilib, har bir uchrashuvga bayramona kayfiyat va ko‘tarinki ruh baxsh etildi.
Ayniqsa, taniqli olimlar, ziyolilar, san’atkorlar va ma’naviyat targ‘ibotchilarining aholi bilan uchrashuvlari qiziqarli va mazmunli o‘tdi. Samimiy muloqotlarda bugungi kunning muhim masalalari, yoshlar tarbiyasi, milliy qadriyatlar va yurt taqdiri haqida fikrlar bildirildi. San’atkorlarning diltortar chiqishlari esa tadbirlarga yanada fayz kiritdi.
Festival Narpay tumanida “Yaxshilik karvoni” loyihasi bilan davom etdi. Karvonning eng ulug‘ manzili - nuroniylar xonadonlari bo‘ldi. Keksa avlod vakillaridan hol-ahvol so‘rash, ular bilan dildan suhbatlashish, mehr va e’tibor ko‘rsatish - mustaqillik bayramiga xos eng go‘zal qadriyatlarni yana bir bor namoyon etdi.
Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida esa festival doirasida ilmiy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Unda olimlar, ziyolilar, san’atkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ilm-fan va ma’rifat, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros, uni asrab-avaylash va bu boylikni yosh avlodga yetkazish masalalari xususida fikr almashildi. Zero, mustaqillikning mazmuni faqat bayram va shodiyonada emas - u, avvalo, o‘z tarixini anglash, milliy g‘ururni his qilish va kelajakka ishonch bilan qadam tashlashda namoyon bo‘ladi.
Samarqanddagi “Mustaqillik to‘yi” festivali ham ana shu ruhni - birlik, mehr, ma’rifat va ezgulik ruhini xalq qalbiga olib kirmoqda.
Bugun festival tadbirlari hududma-hudud davom etar ekan, uning har bir manzilida bir haqiqat yana bir bor namoyon bo‘lyapti: mustaqillik — eng avvalo, xalqning qalbidagi bayram. Uning qadrini anglash, uni asrash va yangi avlodga munosib meros qilib qoldirish esa barchamizning ezgu burchimizdir.