Sifatli ta’lim - Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
Bugun ta’lim haqida gapirganda, uni faqat maktab, dars, darslik yoki imtihon doirasida tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ta’lim -mamlakatning ertangi qiyofasini belgilaydigan, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning poydevorini yaratadigan strategik soha.
Zero, bugun maktab ostonasida turgan bola ertaga muhandis, shifokor, o‘qituvchi, tadbirkor, olim yoki davlat boshqaruvchisi bo‘ladi. Uning bugun olgan bilimi, shakllangan dunyoqarashi, Vatanga munosabati va hayotda o‘z o‘rnini topishi mamlakat kelajagiga bevosita ta’sir qiladi.
Shu ma’noda Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi ham aniq - zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, raqobatbardosh, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan avlodni tarbiyalash.
Viloyatimizda o‘tkazilayotgan beshinchi “Ustozlar milliy forumi” ham ana shu ezgu maqsadlar atrofida ta’lim sohasida o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, mavjud muammolarni ochiq muhokama etish va yangi o‘quv yili vazifalarini belgilab olish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Forumning “Sifatli ta’lim - Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” degan g‘oyasi esa bugungi ta’lim oldida turgan vazifaning mohiyatini ifodalaydi.

Ta’limga e’tibor - kelajakka investitsiya
Bugun viloyatimiz maktabgacha va maktab ta’limi tizimi nihoyatda katta ko‘lamni qamrab olgan.
Ayni paytda viloyatda jami 5657 ta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Shundan 1 278 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablari bo‘lib, ular orasida 57 ta nodavlat maktab, 20 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda Prezident maktabi mavjud.
Maktabgacha ta’lim tizimida esa 4303 ta tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular orasida davlat va nodavlat bog‘chalar, davlat-xususiy sheriklik asosidagi muassasalar, oilaviy bog‘chalar hamda Ilk rivojlanish markazlari bor.
Bu raqamlar ortida yuz minglab bolalar, o‘n minglab pedagoglar, minglab ota-onalar va butun bir avlodning taqdiri turganini anglash qiyin emas.
Bugun viloyatda 281 ming 113 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Qamrov darajasi 68,6 foizni tashkil etmoqda.
E’tiborlisi, bu yo‘nalishda nodavlat sektor imkoniyatlaridan ham samarali foydalanilmoqda. 2025–2026 yillarda 11097 o‘rinli 274 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, ularga 6400 nafar 3–7 yoshli bola qamrab olindi.
Joriy yilning o‘zida esa yana 12 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti ish boshladi. Shu va boshqa quvvatlar hisobiga qo‘shimcha 7500 nafar bolaning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi ta’minlandi.
Demak, ta’lim tizimidagi islohotlarning birinchi bosqichi -bolaning maktabga tayyor holda borishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan boshlanmoqda.

Zamonaviy maktab - zamonaviy imkoniyatlar makoni
Ta’lim sifati, avvalo, o‘quvchi uchun yaratilgan muhit bilan bog‘liq. Shu bois viloyatda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi binolar qurish, mavjudlarini ta’mirlash ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bu yil viloyatimizda 855,9 milliard so‘m mablag‘ evaziga 138 ta maktab va 66 ta bog‘chada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu raqamni faqat sarflangan mablag‘ sifatida emas, bolalar uchun yaratilayotgan imkoniyat sifatida baholash kerak. Chunki zamonaviy ta’lim uchun zamonaviy muhit ham zarur.
Yorug‘ va shinam sinfxona, laboratoriya, kompyuter xonasi, sport zali, kutubxona, zamonaviy o‘quv jihozlari - bularning har biri ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Biroq bino qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, uning ichidagi asosiy kuch - o‘qituvchi.

Asosiy kuch - pedagog
Viloyatimiz maktablarida ayni paytda 62 ming 556 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning 60 ming 571 nafari, ya’ni 97 foizi oliy ma’lumotli mutaxassislardir. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ham ijobiy dinamikani ko‘rsatadi.
Pedagogning kasbiy mahoratini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026 yilning birinchi yarmida 9257 nafar maktab va bog‘cha rahbari, pedagog va mutaxassis kadrlarning malakasi oshirildi. Shu bilan birga, “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlariga 12 fan bo‘yicha 11273 nafar yetakchi o‘qituvchi, “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlariga esa 37 604 nafar pedagog jalb etildi.
Bu raqamlar zamonaviy o‘qituvchi bir marta diplom olgan va shu bilan kasbiy rivojlanishini yakunlagan mutaxassis emasligini ko‘rsatadi.
Bugungi pedagog doimo o‘rganishi, yangilikka intilishi, axborot texnologiyalaridan foydalanishi, xorijiy tajribani o‘zlashtirishi va eng muhimi, har bir bolaning qobiliyatini ko‘ra bilishi kerak.

Natija raqamlarda ham ko‘rinadi
Ta’limda amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o‘quvchilarning natijalarida ham namoyon bo‘lmoqda.
2025–2026 o‘quv yilida viloyatimiz maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi oshdi. 13 ming 499 nafar yoshlar (bitiruvchilarning 26 foizi) oliy ta’limga qabul qilindi.
Yana bir e’tiborli natija - 2 158 nafar bitiruvchi muddatidan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Ularning 1267 nafari IELTS, 891 nafari esa CEFR sertifikatiga ega bo‘ldi.
Bu raqamlar Samarqand yoshlarining dunyo ta’lim maydoniga chiqish imkoniyatlari tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ta’lim sohasida raqobat ham kuchaymoqda.
Asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida viloyatning 11-sinf o‘quvchilari 7 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi. Matematika, davlat va huquq asoslari hamda o‘zbek tili fanlaridan 3 ta birinchi o‘rin, tarixdan ikkinchi o‘rin va rus tili, tarix hamda ona tili fanlaridan 3 ta uchinchi o‘rin egallandi.
Xorijiy til - yangi imkoniyatlar kaliti
Bugungi global dunyoda xorijiy tilni bilish - qo‘shimcha afzallik emas, ko‘p hollarda muvaffaqiyatning zarur sharti. Shu bois Samarqandda xorijiy tillarni o‘rganishga katta e’tibor berilmoqda.
Viloyatda chet tillar bo‘yicha xorijiy va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni 4479 nafarga yetdi. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 131 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilinib, dars mashg‘ulotlari ular ishtirokida tashkil etildi. Endigi vazifa - bu natijani yanada yuqori bosqichga olib chiqish.
Yangi o‘quv yilida 1 573 nafar xorijiy til o‘qituvchisining milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lishini ta’minlash maqsad qilingan.
Buning uchun tajribali professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘quv seminarlari tashkil etiladi. Zero, o‘quvchiga yangi tilni o‘rgatish uchun avvalo, o‘qituvchining o‘zi yangi bilim va metodikalarni egallashi kerak.

Har bir bola e’tiborda
Zamonaviy ta’limning muhim belgilaridan biri - hech bir bolani e’tibordan chetda qoldirmaslik.
Shu nuqtai nazardan inklyuziv ta’limni rivojlantirish, maxsus ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun zarur sharoit yaratish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
2026 yilda 216 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilib, ularga 334 nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchi qabul qilindi.
Shuningdek, 143 ta maktabda logoped shoxobchalari tashkil etilib, ularga 8936 nafar o‘quvchi qamrab olindi.
Bu - ta’limda “hamma uchun bir xil yondashuv”dan “har bir bolaga individual yondashuv”ga o‘tish jarayoni kuchayib borayotganidan dalolat.
Rustam Yo‘ldoshev,
viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.