Yozgi ta’til qanday o‘tdi?
Joriy yilgi yozgi ta’til davrida viloyatdagi oromgohlarda 8710 nafar, umumta’lim maktablarida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish maydonchalarida 12805 nafar o‘quvchini qamrab olish ko‘zda tutilgan edi.
Bolalarning mazmunli dam olishini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash, ularning ma’naviy-ma’rifiy va jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida viloyat hokimligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi, Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining viloyat boshqarmasi hamda mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan bir qator ishlar bajarildi.
Mavsum davomida 8938 nafar bola statsionar oromgohda, 21846 nafar bola sog‘lomlashtirish maydonchalarida dam oldirildi. Viloyatdagi doimiy oromgohlarda, jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tasarrufidagi oromgohlarda bu yil 6885 nafar bola qamrab olinishi rejalashtirilgan edi. Amalda esa 7060 nafar bola sog‘lomlashtirildi.
Oromgohlarda 12 kunlik namunaviy dasturni samarali tashkil etish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini mazmunli o‘tkazish, bolalar bilan ishlashning zamonaviy usullaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berib borildi.
Oromgohlarning moddiy-texnik va tibbiy ta’minoti ham e’tibordan chetda qolmadi. Har bir oromgoh 400–500 donagacha badiiy adabiyot, gazeta va jurnallar bilan ta’minlandi. Shuningdek, oromgohlarga 48 turdagi dori-darmonlar, qoraqurt va ilon zahriga qarshi zardoblar, dezinfeksiya vositalari hamda zarur tibbiy jihozlar yetkazib berildi.
Mavsumda ijtimoiy himoya masalasiga ham alohida ahamiyat berildi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning a’lo baholarga o‘qiyotgan farzandlaridan 4093 nafari saralab olingan bo‘lib, ularning 3378 nafari, ya’ni 82 foizi departament tasarrufidagi oromgohlarda dam oldirildi.
Bolalarni oromgohlarga olib kelish va mavsum yakunida yashash joylariga qaytarish ishlari yo‘l-patrul xizmati xodimlari kuzatuvida xavfsiz tashkil etildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan oromgohlarga 56 nafar shifokor va 56 nafar hamshira biriktirildi.
Oromgohlarga qabul qilingan barcha bolalar birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, mavsum davomida ularning salomatligi muntazam nazorat qilindi.
Jamoat tartibini saqlash, yong‘in va favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlaridan 28 nafar, favqulodda vaziyatlar bo‘limlaridan 14 nafar, Qo‘riqlash departamentidan 52 nafar xodimning doimiy navbatchiligi tashkil etildi.
Shuningdek, sanitariya-gigiyena talablari, oziq-ovqat va ichimlik suvi sifati, yong‘in xavfsizligi hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalari muntazam nazorat qilindi.
Eng muhimi, mavsum davomida bolalarning hayoti va salomatligi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatga yo‘l qo‘yilmadi. Bolalar sog‘-salomat holda o‘z yashash joylariga qaytarildi.
Oromgohlardagi dam olish jarayoni faqat ko‘ngilochar tadbirlar bilan cheklanib qolmadi. Bolalarning ilmiy, ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularda vatanparvarlik, yurtga sadoqat, do‘stlik va bag‘rikenglik tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli dastur amalga oshirildi.
Har bir kunga alohida yo‘nalish va nom berildi. “Salom, oromgoh!”, “Bolalar festivali”, “Harbiy-vatanparvarlik”, “Milliy qadriyatlar”, “Zakovat”, “Ijod va iste’dod”, “Ona tabiatni asrash”, “Mohir qo‘llar va kasb-hunar”, “Sport va salomatlik”, “Millatlar do‘stligi”, “Turizm va o‘lkashunoslik”, “Sarhisob”, “Xayr, oromgoh!” kabi yo‘nalishlar asosida turli tadbirlar tashkil etildi.
Mavsum davomida oromgohlarda 425 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbir va uchrashuv, 355 ta sport tadbiri, 148 ta davra suhbati, 28 ta uchrashuv, 48 ta kitobxonlik kechasi va 43 ta festival o‘tkazildi.
Feruza Qilicheva,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i.