Yozgi bolalar oromgohlari mavsumga shaymi?

Samarqand tumanidagi «Alpomish»  oromgohida 2026 yil yozgi bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumini namunali tashkil etish bo‘yicha tashkil etilgan seminarda shu savolga javob izlandi.

Tadbirda viloyat hamda shahar va tumanlar hokimliklari mas’ullari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasin viloyat kengashi vakillari, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash hamda sport boshqarmalari rahbarlari, ularning hududiy bo‘lim boshliqlari, oromgoh direktorlari, tarbiyachilar, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

– Joriy mavsumda viloyatimizdagi 14 ta doimiy oromgohda 7 mingdan ortiq, 57 ta kunduzgi maskanlarda esa 12 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarning hordiq chiqarishi rejalashtirilgan, – dedi viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev. – Shu sababli barchamiz bolalarning vaqtini mazmunli o‘tkazishga munosib hissa qo‘shishimiz shart. O‘g‘il-qizlar qaysi hududda dam olmasin, tashkil etilgan o‘n ikki kunlik davradan birdek mamnun bo‘lishlari kerak. Seminarning aynan ushbu maskanda o‘tkazilayotganidan maqsad soha rahbarlari bu yerdagi sharoit va imkoniyatlarni bevosita o‘rganib, o‘z faoliyatlarida qo‘llashlari uchun tajriba maydoni yaratishdir.

Mazkur oromgoh rahbari Nigora Jabborova ushbu maskan yangi mavsumni yuqori tayyorgarlik bilan qarshi olayotgani, joriy yilda 5 bosqichda jami ming nafar bolani qamrab olish rejalashtirilganini  ta’kidladi.

– Bu yerda bolalarning kun tartibi faqat dam olish bilan cheklanmaydi, balki ular o‘z iqtidorini ham kashf etadi. Ular uchun sport, san’at va madaniyat, ijod va intellekual, til va media savodxonliklari, mohir qo‘llar va kasb-hunar to‘garaklari tashkil etiladi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan 12 kunlik maxsus dastur oromgoh hayotini yanada mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi. Har bir kun muayyan mavzularga bag‘ishlangan. Jumladan, “Salom, oromgoh!”, “Bolalar festivali”, “Harbiy vatanparvarlik”, “Milliy qadriyatlar”, “Zakovat”, “Ijod va iste’dod”, “Ona tabiatni asrash”, “Mohir qo‘llar — kasb-hunar”, “Sport va salomatlik”, “Millatlar do‘stligi”, “Turizm va o‘lkashunoslik”, “Sarhisob” kabi mavzular bolalarning dunyoqarashi va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Seminarda o‘quvchilarning ta’til davrini maroqli o‘tkazish bilan bir qatorda, ularning xavfsizligini qat’iy nazoratga olish zarurligi alohida ta’kidlandi. Xususan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari tomonidan dam olish joylarida gigiyenik normalarga amal qilinishini ta’minlash va sifatli tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi hamda sport boshqarmalari hamkorligida yoshlar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr va tajriba almashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Tadbir qatnashchilari oromgohda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.