“Chor chinor”da bolalar yozni soz o‘tkazmoqda
Oromgohda endi kattalar ham dam olishi mumkin.
Joriy yilgi mavsumda viloyatdagi 16 ta oromgohda 9600 nafar bolani sog‘lomlashtirish va dam oldirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilichevaning ma’lum qilishicha, 24 iyuldan oromgohlarda sog‘lomlashtirishning to‘rtinchi davrasi boshlangan. Shuningdek, avgust oyida Urgut tumanida joylashgan departament tasarrufidagi “Chor chinor” va Samarqand tumanidagi “Safedi” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida beshinchi davra ham tashkil etilib, 12 kun davomida 500 nafarga yaqin bola sog‘lomlashtiriladi.
Urgut tumanining tog‘ yon bag‘rida joylashgan “Chor chinor” bolalar oromgohida bo‘lib, bolajonlar qanday dam olayotgani va ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik.
1973 yilda qurilgan oromgoh 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, atrofi manzarali va mevali daraxtlar bilan o‘ralgan. Sakkizta yotoqxona, tibbiyot bo‘limi, sport maydonchasi, kutubxona, kompyuter xonasi, to‘garaklar, basseyn va konsert uchun sahna bolajonlar ixtiyorida.
Bu yilgi mavsumda bolalarni sog‘lomlashtirish, dam olishlarini mazmunli tashkil etish maqsadida yotoqxona va xonalardagi jihozlar yangilanib, bolajonlar uchun zarur sharoit yaratildi, - deydi “Chor chinor” bolalar oromgohi direktori Anvar Fazliyev. – Shuningdek, 50 nafardan ziyod malakali tarbiyachi-murabbiy va ishchi-xodimlar jalb etildi. Hozirga qadar oromgohda to‘rtinchi davra bilan hisoblaganda 1300 nafarga yaqin bola sog‘lomlashtirilmoqda. To‘rtinchi davra tugagandan so‘ng rejadagidan tashqari, beshinchi davrada ham 300 nafar bolajonni dam oldirishni rejalashtirganmiz. Bolajonlar uchun mavsum tugagandan so‘ng esa ilk marta oromgohda kattalarning dam olishini tashkil qilamiz.
Oromgoh bosh tarbiyachisi Umida Ismoilovaning ta’kidlashicha, maskanda bolajonlar uchun 12 kunlik dastur asosida mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Bolalarning vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida ularning qiziqishini hisobga olib, sport, kitobxonlik, rassomlik, kompyuter savodxonligi, musiqa va san’at to‘garaklari, intellektual o‘yinlar hamda shu yo‘nalishlarda ko‘rik-tanlov va musobaqalar tashkil etilib, faol yoshlar rag‘batlantirib borilmoqda.
Oromgohda samarqandlik yoshlar bilan birga, Toshkent, Jizzax va Buxoro viloyatlaridan kelgan bolalar ham sog‘lomlashtirilmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.