Oromgoh xodimlari sportda bellashdi
11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Urgut tumanining “Chorchinor” bolalar yozgi dam olish va sog‘lomlashtirish oromgohida sportning shaxmat, shashka va stol tennisi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan sport bellashuvida viloyatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bolalar yozgi dam olish sog‘lomlashtirish oromgohi xodimlari mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.
– Bu kabi sport bahslarini o‘tkazish orqali ishchi-xodimlarning nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda, balki o‘zaro tajriba almashishiga imkon yaratishga ham erishmoqdamiz, – deydi departamentning viloyat boshqarmasi rahbari Feruza Qilicheva. – Kelgusida bosqichma-bosqich mavjud yozgi bolalar dam olish maskanlarini mavsumdan tashqari vaqtda ham faoliyat ko‘rsatishini yo‘lga qo‘yishni reja qilib oldik. Ma’naviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazish, tashkilotlar xodimlari va ularning farzandlarini ham jalb qilishga kelishib oldik.
Sport bahsi yakunida shashka bo‘yicha birinchi o‘rinni Samarqand tumanining “Samarqand” oromgohi direktori Farid Xurramov egalladi. Stol tennisi bahsida Urgut tumanining “Chorchinor” oromgohi direktori Anvar Fazliyevga teng keladigani topilmadi. Shaxmat bellashuvida esa “Bahora” oromgohi direktori Suhrob Xo‘jamov barchani yengib, birinchilikni egalladi.
G‘olib bo‘lganlar hamda ikkinchi va uchinchi o‘rin egalariga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirlardagi hamkorligi va faolligi uchun OAV xodimlari ham tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
H.Eltoyev.