O‘ttiz yillik mehnat e’tirofi
Diyora Keldiyorovaning birinchi murabbiyi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
O‘ttiz yildan buyon sportning dzyudo turi bilan shug‘ullanaman. Murabbiylik faoliyatimni Past Darg‘om tumanidagi 1-sport maktabida boshlaganman. O‘tgan davr mobaynida qo‘l ostimda O‘zbekiston, Osiyo, jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlari g‘oliblarini tayyorladim.
Ustoz uchun eng katta yutuq shogirdining muvaffaqiyatidir. Ayniqsa, birinchi shogirdim Diyora Keldiyorova Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol sportchiga aylangani nafaqat men, balki butun mamlakatimiz uchun tarixiy voqea bo‘ldi. Bu g‘alabadan keyin dzyudo bilan shug‘ullanuvchi yoshlar soni ham ko‘paydi.
Prezidentimiz 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir guruh faol xotin-qizlarni davlat mukofoti bilan taqdirladi. Ular orasida borligimni eshitib, cheksiz quvondim. Ko‘p yillik mehnatim va sportni ommalashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarim yukas e’tirof etildi. Bu men uchun katta sharaf. Shu bilan birga zimmamga mas’uliyat yuklaydi. Albatta, ishonchga munosib bo‘lib, Diyoraga o‘xshagan o‘nlab, yuzlab chempion qizlarni tarbiyalash, ularning xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishi uchun bor kuch-g‘ayratimni safarbar etaman.
Xurshida XALIKOVA,
viloyat yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi dzyudo murabbiysi, «Sog‘lom turmush» medali sohibasi.