“Prezident Olimpiadasi” musobaqalarida qatnashuvchi sportchilarni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi

24 noyabrdan 4 dekabrga qadar Toshkent shahrida — “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining final bosqichi hisoblangan "Prezident Olimpiadasi" bo‘lib o‘tadi.

Musobaqa oldidan viloyatimiz sportchilarini tantanali kuzatish marosimi tashkil etildi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, Olimpiya o‘yinlariga sportchilarni saralash va ularni professional tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani, buning uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirdi va “Prezident Olimpiadasi” musobaqalarida ishtirok etadigan barcha sportchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Bugundan musobaqa ishtirokchilari Toshkentda jam bo‘lishadi. 24 noyabrdan esa yurtimizning eng kuchli yosh sportchilari g‘oliblik uchun bahslarga kirishadilar.

Boks, erkin kurash, yunon-rum kurashi, dzyudo, og‘ir atletika, yengil atletika, basketbol, badiiy gimnastika, taekvondo WT, stol tennisi kabi 10 ta Olimpiya sport turini o‘z ichiga olgan bahslar Olimpiya shaharchasi, Chirchiq Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Gimnastika bo‘yicha Olimpiya zaxiralari bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘tkaziladi.

Tadbirda 15-17 yoshli o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ushbu musobaqa milliy terma jamoalarimizga iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish yo‘lida muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida qayd etildi.

“Prezident Olimpiadasi” dasturi orqali saralangan iqtidorli yoshlar endi Respublika bosqichida Samarqand viloyati sharafini himoya qiladi.