Sport sohasidagi muammolar: natijalar qoniqarsiz, terma jamoaga sportchilar yetkazib berilmayapti, federatsiyalarga homiylar biriktirilmagan

Yaqinda Prezident raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida  ixtisoslashgan sport maktablarining natijasi oddiy sport maktablaridan farq qilmay qolgani hamda sport federatsiyalari faoliyati tanqid qilindi.

Xo‘sh, Samarqandda ahvol qanday? Sport turlariga e’tibor qaratilyaptimi, sport federatsiyalarining natijalari qoniqarlimi, homiylar biriktirilganmi, sport federatsiyalari terma jamoaga sportchi yetkazib beryaptimi? Ana shu savollarga javob topish maqsadida ixtisoslashtirilgan sport maktablari va sport federatsiyalari faoliyati bilan tanishdik.

Ixtisoslashtirilgan sport maktabining oddiy sport maktabidan farqi nimada?

Viloyatda ikkita olimpiya va paralimpiya markazi, o‘ttizdan ziyod sport maktabi, beshta ixtisoslashtirilgan sport ta’lim muassasasi bor. Respublikamizning aksariyat hududlarida olimpiya va paralimpiya markazlari soni bitta va bu borada Samarqand yetakchi. Ammo bugun markazlar talab darajasida faoliyat yurityapti, deb bo‘lmaydi. Misol uchun, o‘tgan yil o‘tkazilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalarida  Toyloq olimpiya markazi sportchilari birorta sport turi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritmadi. Shundan so‘ng sport vaziri boshchiligidagi ishchi guruhning Samarqanddagi o‘rganishi davomida qoniqarsiz natija ko‘rsatgani va sohada tizimli ish olib bormagani uchun ushbu muassasa direktori ishdan olindi. Lekin haligacha muassasaga yangi rahbar tayinlangani yo‘q.

Viloyatdagi ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatiga kelsak, oddiy sport maktablaridan farq qiladi va respublikada yetakchi o‘rinlarda. Xususan, viloyat gimnastika sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabida badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, trampolin kabi olimpiya va sport akrobatikasi (noolimpiya ) sport turlari bo‘yicha 400 nafarga yaqin yoshlar shug‘ullanadi. Muassasaning 18 nafar sportchisi milliy terma jamoaning asosiy, 6 nafari zaxira tarkibiga qabul qilingan. Shu yilning o‘tgan davrida sportchilar respublika va xalqaro musobaqalarda 17 ta oltin, 33 ta kumush va 22 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.

– Ixtisoslashtirilgan sport maktabi oddiy sport maktabidan tubdan farq qiladi, – deydi viloyat gimnastika sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi oliy toifali uslubchisi Karim Eshniyozov. – Birinchidan, sport maktablarida bir nechta sport turlari bilan shug‘ullanish mumkin, bizda esa bitta sport turi va uning tarkibiga kiruvchi sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tiladi. Ikkinchidan, ixtisoslashtirilgan sport muassasalariga sportchilar o‘quv mashg‘ulot guruhiga qabul qilinsa, sport maktablarida boshlang‘ich guruhlarga olinadi. Uchinchidan, ixtisoslashtirilgan sport maktablariga razryadi, unvoni bor sportchilar saralab olinadi. Sport maktablariga havaskor sportchilar ham qabul qilinadi. To‘rtinchidan, ixtisoslashgan sport maktablariga qabul qilish yosh chegarasi bor. Misol uchun, gimnastika sport turlari bo‘yicha sog‘lomlashtirish guruhlariga 5 yoshdan 18 yoshgacha qabul qilinsa, sport maktablariga 30 yoshgacha etib belgilangan. Beshinchidan, ixtisoslashtirilgan sport maktablarida natija ko‘rsatgan, ya’ni chempionlar yetishtirgan  trener-o‘qituvchilar ham saralab olinadi.

Mutaxassis fikridan ko‘rish mumkinki, ixtisoslashtirilgan sport maktablari oddiy sport maktablaridan maqsadi, tanlov jarayoni va tayyorgarlik darajasi bilan farq qiladi. Bu muassasalar muayyan sport turiga chuqur ixtisoslashgan bo‘lib, asosan saralangan, iqtidorli va ma’lum natijaga ega sportchilarni tayyorlashga qaratilgan. Shu bilan birga, bu yerda yuqori malakali, natija ko‘rsatgan murabbiylar faoliyat yuritadi. Oddiy sport maktablari esa keng omma uchun mo‘ljallangan bo‘lib, boshlang‘ich darajadagi va havaskor sportchilarni qamrab oladi hamda turli sport turlari bilan shug‘ullanish imkonini beradi.

Gimnastika markazi nega foydalanishga topshirilmayapti?

Prezidentimizning 2022 yil 23 dekabrdagi «Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Samarqandda zamonaviy moddiy-texnika va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy gimnastika sport turlariga tayyorlash markazi tashkil etish belgilangan. Hozirda Samarqand shahrida bunyod etilayotgan gimnastika markazining qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetgan bo‘lib, quruvchi bosh pudratchi tashkilot – “Agromir Buildings” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan o‘tgan yilda foydalanishga topshirilishi kerak edi.

– Mazkur ob’yekt qurilishini 2023 yilda boshlaganmiz, – deydi “Agromir Buildings”  MChJ ish boshqaruvchisi Saidmurod Kunuzoqov. – Loyiha qiymati 64 milliard so‘mdan ziyod bo‘lib, sport zal, besh qavatli yotoqxona, oshxona hamda ma’muriyat binosidan iborat. Biz ushbu ob’yektda loyihada ko‘rsatilganidan ko‘proq ish bajarganmiz. Lekin markaz to‘liq jihozlanmagan va belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmayapti. Zarur mablag‘  o‘tkazib berilsa, qisqa fursatda qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlab, inshootni topshiramiz.

Sport federatsiyalari natijasi: qoniqarli, o‘rta, past

Viloyat sport boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, samarqandlik 972 nafar sportchi milliy terma jamoalarning asosiy, 499 nafari zaxira tarkibiga qabul qilingan. Bu respublika miqyosida yaxshi ko‘rsatkich, lekin terma jamoaga sportchi yetkazib bermagan va past natija ko‘rsatayotgan sport federatsiyalari ham bor. Jumladan, viloyatda 13 ta sport turi bo‘yicha natijalar qoniqarli (eshkak eshish, futbol, chim ustida xokkey, sport kurashlari, boks, velosport, dzyudo, yengil atletika, kamondan otish, og‘ir atletika, suzish, gimnastika, stol tennis) bo‘lsa, 6 ta sport turi (voleybol, basketbol, gandbol, taekvondo WT, qilichbozlik, ot sporti) o‘rta, 4 ta sport turi (badminton, tennis, o‘q otish va regbi) qoniqarsiz bo‘lib, milliy terma jamoalarga sportchilar yetkazib bermagan. Shuningdek, adaptiv sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish borasida ham ishlar qoniqarsiz. Xususan, rejada para sport turlari bo‘yicha yuzga yaqin musobaqa o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, shu vaqtga qadar bor-yo‘g‘i o‘nta musobaqa tashkil etilgan.

Badminton va regbi olimpiya sport turlari, lekin e’tibor yo‘q

Badminton olimpiya sport turi bo‘lib, federatsiyaning viloyat bo‘limi 2014 yilda tashkil etilgan. Shug‘ullanish uchun baza ajratilgan va hozirgi kunda 16 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida 400 nafardan ziyod yoshlar badminton bilan shug‘ullanib kelmoqda. Badminton federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Marat Muhammadiyevning ta’kidlashicha, respublika terma jamoasiga sportchi qabul qilinmagan. Chunki faqat Jomboy, Bulung‘ur, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on tumani va shahrida badminton to‘garaklari bor, xolos. Aksariyat hududlarda sport trenerlari kam, biriktirilgan homiylar yordam bermaydi, mablag‘ yo‘qligi uchun musobaqalar deyarli tashkil etilmaydi.

Regbi federatsiyasining viloyat bo‘limi 2015 yilda tashkil etilgan. Ayni paytda 7 nafar trener qo‘l ostida 260 nafardan ziyod yoshlar shug‘ullanadi. Viloyatda mazkur sport turiga ixtisoslashgan maxsus baza yo‘q, homiylar biriktirilmagan. Shu sababli  mashg‘ulotlar asosan Toyloq tumanidagi sport maktabida olib boriladi.

– Ushbu olimpiya sport turining rivojlanmayotganiga sabab viloyatdagi aksariyat sport maktablarida regbi yo‘nalishi yo‘q, trenerlarga shtat ajratilmagan va sport jihozlari yetishmaydi, – deydi Regbi federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Zafar Berdiqulov. – Masalan, ushbu sport turi bilan shug‘ullanuvchilar o‘tgan yil 60 nafar edi, bu yil esa 200 nafarga yetdi. O‘tkazilgan mahalliy va xalqaro musobaqalarda viloyatimiz yoshlari 13 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Albatta, bazalar ko‘paytirilib, sport maktablarida regbi yo‘nalishi ochilsa, bundan-da yuqori natijalarga erishish mumkin. Hozir sportchilarning muntazam mashg‘ulot o‘tkazishi uchun darvoza qoplama bilan, teguvchi  himoya lapasi, regbi to‘pi va maxsus kiyim-kechak kerak.

O‘q otish sporti bo‘yicha ham natijalar qoniqarsiz

Viloyatda sportning texnik va amaliy turlari 24 tani tashkil etadi va 9 nafar trener qo‘l ostida 130 nafardan ziyod sportchi shug‘ullanmoqda. “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tasarrufidagi sportning texnik va amaliy turlari markazi direktor o‘rinbosari Faxriddin Mardiyevning ta’kidlashicha, tumanlarda 15 ta mashg‘ulot bazasi mavjud. Biroq ularning aksariyati ta’mirtalab holatda, trenerlar kam va sport jihozlari yetishmaydi. Xususan, o‘q otish sporti yo‘nalishida terma jamoa uchun munosib sportchilar tayyorlanmagan. Yaqinda Samarqand shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ham samarqandlik sportchilar sovrinli o‘rinlarni egallay olmagan. Shuningdek, o‘q otish federatsiyasi viloyat bo‘limiga 2019 yildan buyon homiylik yordami ko‘rsatilmagan.

Sportda faqat natijaga emas, tizimdagi muammo va kamchiliklarga ham e’tibor kerak. Ko‘ramiz, Samarqand sportiga mas’ullar yuqorida keltirilgan muammolarni qanchalik bartaraf etar ekan. Biz bu mavzuga yana qaytamiz!

Fazliddn Ro‘ziboyev.