20 nafardan boshlagan korxonamizda bugun 2 ming kishi mehnat qilyapti
Metall materiallariga talab har doim yuqori bo‘lgan. Mahsulotni doimiy import qilish esa davlat uchun juda katta mablag‘ sarfiga olib keladi.
Uni o‘zimizda tayyorlashni yo‘lga qo‘yish importni kamaytiradi, ichki bozorni qondiradi, qolaversa eksport imkoniyatlarini ham oshiradi.
Shu maqsadda 2018 yilda Xitoyning “URUMQI TONGYALE INTERNATIONAL TRADE” kompaniyasidan 12,5 million dollarlik zamonaviy asbob-uskunalar olib kelib, ichki bozorda import o‘rnini bosuvchi metall tunuka va profillar ishlab chiqarishni boshladik. Dastlab 2 gektar maydonda 20 nafar ishchi bilan faoliyat boshlagandik. Hozir korxona maydoni 102 gektarga, ishchilar soni 2 ming nafarga yetdi. O‘tgan vaqt ichida 13 ta loyihani amalga oshirib, 15 turdagi rux va polimer qoplamali list, qayta ishlangan metall, bazalt, sendvich-panel, profil, quvur kabi temir mahsulotlari ishlab chiqaryapmiz.
Yurtimizda temir qazib olish sanoati hali rivojlanmaganligi uchun xorijdan temirni xomashyo sifatida import qilamiz. Shu bois, Bekobod metallurgiya kombinatida Prezidentimiz bilan uchrashuvda metallurgiya sanoatini yanada rivojlantirish, tannarxini tushirish va xomashyo bazasini yaratish uchun temir konlarini o‘zlashtirish zarurati borligini aytdim. Temir qazib olish konlari ochilsa, biz temir ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimiz borasida takliflar bildirdim. Hozir bu bo‘yicha loyiha tayyorlanyapti va geologik qidiruv ishlari olib borilmoqda. Bu mamlakatimiz uchun ham, iqtisodiyotimiz uchun ham katta yangilik bo‘ladi.
2025 yilda 13 davlatga 130 million dollarlik mahsulot eksport qildik. Bu yil ko‘rsatkichni uch barobarga oshirishni rejalashtirganmiz.
Mehnatlarimiz e’tirof etilib, 2023 yilda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandim. Bu yilgi tadbirkorlar kuni arafasida davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvoni berilgani korxonamiz faoliyatiga berilgan yuksak baho bo‘ldi. Bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirib, temir konlarni o‘zlashtirish, metall mahsulotlari sifatini oshirish va tannarxini arzonlashtirib, ichki bozor ehtiyojini to‘la qondirish va eksport hajmini oshirishni rejalashtirganmiz.

Odiljon Boltayev,
Samarqand shahridagi “Azia metall prof” MChJ rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor.