Samarqand tadbirkorlari: tashabbus, hamkorlik va taraqqiyot sari

Odatda tadbirkorlar izlanuvchanligi, “yo‘q narsadan bor qila olishi”, kreativligi, u yoki bu muammoga har tomonlama qaray olishi bilan farqlanadi, ular ko‘pincha xavfni baholay oladi va butun mol-mulki bilan risk (xavf)ga ham bora oladi.

Ishbilarmonlik jihatlari bo‘la turib bir davrda yo‘qotishlari va zarar ko‘rib ishlashlari va boshqa davrda daromad bilan chiqishlari ham mumkin. Har qanday sharoitda tadbirkorlar mamlakat uchun ish o‘rinlari yaratish, davlat byudjetini soliqlar va boshqa to‘lovlar orqali to‘ldirib borishda asosiy iqtisodiy kuch bo‘lib hisoblanadi.

Tadbirkorlik faoliyati doimo bir xil natija bilan yakunlanmaydi. Tadbirkor bir davrda zarar ko‘rishi, boshqa bir davrda esa yuqori daromad olishi mumkin. Bu — bozor iqtisodiyotining tabiiy xususiyati. Muhimi, tadbirkorlik sub’yektlariga o‘z faoliyatini erkin yuritish, qonuniy huquqlarini himoya qilish va rivojlanish uchun zarur sharoitlarni yaratishdir.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlikka bo‘lgan munosabatda sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida tadbirkor shaxsiga nisbatan ijtimoiy munosabat ham o‘zgarib, uning yaratuvchanligi, tashabbuskorligi va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rniga katta e’tibor qaratila boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Tadbirkorning muammosini eshitish, unga amaliy ko‘mak berish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish borasida qator mexanizmlar joriy qilindi.

Biroq davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlarning o‘zi yetarli emas. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, tadbirkorlik sub’yektlari hali ham turli byurokratik to‘siqlar, ortiqcha sansalorlik, ayrim davlat idoralarining sustkashligi, me’yoriy hujjatlardagi muammolar va boshqa ma’muriy to‘siqlarga duch kelishi mumkin.

Ayniqsa, davlat xizmatchisining oddiy harakatsizligi yoki o‘z vazifasini o‘z vaqtida bajarmasligi ham tadbirkor uchun jiddiy iqtisodiy zararga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Chunki biznesda vaqt — mablag‘. Biror ruxsatnoma, hujjat yoki xizmatning kechikishi ishlab chiqarish jarayonining to‘xtashi, shartnoma majburiyatlarining bajarilmasligi yoki investitsiya loyihasining orqaga surilishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois tadbirkorlik muhitini yaxshilash faqat yangi imtiyozlar berish bilan cheklanmasligi kerak. Eng muhimi — mavjud sun’iy to‘siqlarni muntazam aniqlash, ularning sabablarini o‘rganish va tizimli ravishda bartaraf etishdir. Samarqand viloyatida tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlashni tizimlashtirishga qaratilgan tashabbuslar ham ana shu ehtiyojdan kelib chiqqan.

Tadbirkorlarning muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitish maqsadida viloyat hokimi tomonidan tadbirkorlar qabuli yo‘lga qo‘yilgani, shahar va tuman hokimliklarida ham tadbirkorlar bilan muloqot uchun maxsus kunlar belgilangani muhim qadam bo‘ldi.

Biroq bu jarayonda yana bir muhim masala oydinlashdi: alohida tadbirkorning muammosini hal qilish bilan bir qatorda, ko‘plab tadbirkorlarga ta’sir qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish zarur.

Aynan shu nuqtai nazardan 2021 yil 22 iyunda viloyat hokimining yirik tadbirkorlik sub’yektlari ta’sischilari bilan uchrashuvi muhim ahamiyat kasb etdi. Unda tadbirkorlar bilan muntazam muloqot qilish, individual muammolar bilan bir qatorda byurokratik to‘siqlar va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan me’yoriy hujjatlardagi kamchiliklarni muhokama qilish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlar ushbu uchrashuvlarni muvofiqlashtirish uchun Samarqand tumanidagi “NAVOBOD NASLLI PARRANDA” fermer xo‘jaligi rahbari HaydarO‘roqovni rais etib sayladilar. Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, tadbirkorlar o‘z muammolarini nafaqat davlat idoralariga yetkazish, balki ularning yechimini izlash jarayonida ham faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Dastlabki uchrashuvlar davomida tadbirkorlar tomonidan yana bir muhim tashabbus ilgari surildi. Unda Kengashning o‘z mablag‘larini shakllantirish va ushbu mablag‘lar hisobidan startaplar, ilmiy ishlanmalar hamda yosh tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash taklif etildi. Natijada 2021 yil 1 dekabrda “Ishbilarmonlarning «YANGI SAMARQAND» hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi jamoat fondi” nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etildi.

Fondning Vasiylik Kengashiga Tadbirkorlarning Jamoatchilik Maslahat Kengashi tenglashtirildi. Kengash o‘z faoliyatini “Birgalikda tadbirkorlikning jadal taraqqiyoti sari” shiori ostida yo‘lga qo‘yib, o‘z oldiga aniq missiya, maqsad va vazifalarni belgilab oldi.

Kengashning asosiy missiyasi — viloyatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ishbilarmonlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash va korxonalarning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish.

Bu maqsad bir nechta muhim yo‘nalishni qamrab oladi. Xususan, viloyat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish, davlat idoralari tomonidan tadbirkorlarga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash va ularning qonuniy huquqlarini himoya qilish shular jumlasidandir. Bu yerda e’tiborli jihat — Kengash faoliyati tadbirkorning faqat o‘z biznesini rivojlantirishiga emas, balki butun hududning iqtisodiy muhitini yaxshilashga qaratilgan.

Zamonaviy tadbirkorlik tushunchasi faqat daromad olish bilan cheklanmaydi. Tadbirkorning jamiyat oldidagi mas’uliyati ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kengash qadriyatlarida belgilangan ijtimoiy mas’uliyat tamoyili ham shuni nazarda tutadi. Tadbirkor o‘zi tarbiya olgan bog‘cha, o‘qigan maktab yoki oliygoh, yashab turgan mahalladagi ijobiy o‘zgarishlarga befarq bo‘lmasligi kerak.

Bunday yondashuv tadbirkorlikni iqtisodiy faoliyatdan kengroq tushunchaga aylantiradi. Ya’ni, tadbirkor bir vaqtning o‘zida ish beruvchi, soliq to‘lovchi, homiy, innovatsiya tashabbuskori va jamiyatning faol a’zosi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan Kengashning kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga hissa qo‘shish kabi vazifalari ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega.

Hududda tadbirkorlikni rivojlantirishning yana bir muhim sharti — tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligi.

Bir korxonaning ehtiyoji ikkinchi korxona uchun bozor, bir tadbirkorning tajribasi boshqasi uchun yangi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Shuning uchun mahalliy korxonalar mahsulotlaridan foydalanish, xizmatlarini xarid qilish, istiqbolli loyihalarda birgalikda ishtirok etish va muammolarni hamkorlikda hal qilish hudud iqtisodiyotida ichki kooperatsiyani kuchaytiradi.

Bunday yondashuv tadbirkorlarni raqobat bilan bir qatorda hamkorlik madaniyatiga ham o‘rgatadi. Natijada mahalliy biznes sub’yektlari o‘rtasida iqtisodiy zanjirlar shakllanib, qo‘shimcha qiymatning hududning o‘zida yaratilishi uchun imkoniyat kengayadi.

Endi Kengashga a’zo haqida. Xo‘sh, a’zolik tadbirkorga nima beradi?

Kengashga a’zolik tadbirkor uchun, avvalo, professional hamjamiyatning bir qismi bo‘lish imkoniyatini beradi. Tadbirkor o‘z muammolarini Kengash yig‘ilishlarida ko‘tarishi, davlat idoralari faoliyatiga doir takliflar bildirishi, boshqa tadbirkorlar tajribasini o‘rganishi va yangi loyihalar bilan tanishishi mumkin.

Shuningdek, o‘quv-seminarlar, xorijiy investorlar bilan uchrashuvlar va turli muhokamalarda ishtirok etish tadbirkorning bilim va aloqalar doirasini kengaytirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, ilg‘or tadbirkorlik sub’yektlari tajribasini o‘rganish muhim. Chunki tadbirkorlikda tayyor nazariyadan ko‘ra, amalda sinovdan o‘tgan yondashuvlar ko‘p hollarda katta natija beradi.

Xullas, bugun tadbirkorlik muhitini yaxshilash masalasi faqat tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash emas, balki hududning umumiy iqtisodiy salohiyatini oshirish masalasidir. Samarqand viloyatida tadbirkorlar, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar shu nuqtai nazardan ahamiyatli. Muammolarni ochiq muhokama qilish, ularning tizimli sabablarini aniqlash va yechimlarini birgalikda izlash tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashi mumkin.

Eng muhimi, tadbirkorlikni rivojlantirish bir tomonlama jarayon emas. Davlat tadbirkorga qulay sharoit yaratishi, tadbirkor esa qonunlarga rioya qilib, ish o‘rinlari yaratishi, soliq majburiyatlarini bajarishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi kerak.

Shunda tadbirkorlik nafaqat shaxsiy farovonlik, balki yangi ish o‘rinlari, investitsiyalar, innovatsiyalar, byudjet daromadlari va hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlaydigan asosiy kuchlardan biriga aylanadi.

Nozir Ibragimov,

iqtisod fanlari doktori,  professor.

(Davomi bor)