Telefon qulaylikmi yoki qaramlik?

Bugun telefon inson hayotining ajralmas qismiga aylanib bo‘ldi. U nafaqat aloqa vositasi, balki vaqtimiz, e’tiborimiz va hatto kayfiyatimizni ham boshqaryapti. Ko‘pchilik telefonni oddiy qulaylik deb biladi, ammo uning ortida yashirin xavflar mavjud. Ayniqsa, yoshlar orasida telefonga qaram bo‘lganlar soni ortib borayotgani kishini jiddiy tashvishlantiradi.

Dunyo aholisining katta qismi mobil telefondan foydalanadi. Shu bois insonlarning ekran qarshisida o‘tkazayotgan vaqti keskin oshdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, odamlar bir kunining o‘rtacha 4-7 soatini telefon bilan o‘tkazmoqda. Qizig‘i, o‘n yil oldin insonlar telefonini kuniga taxminan 40–50 marta qo‘liga olgan bo‘lsa, hozir yuzlab marotaba telefonga murojaat qilinyapti. Ayrim yoshlar ertalab uyg‘onishi bilan telefoniga qaraydi, kechasi ekran qarshisida uxlab ham qoladi.

Psixologlarning fikricha, telefonga qaramlik birdan paydo bo‘lmaydi. U asta-sekin inson ongiga singib boradi. Har bir yangilik, xabar yoki videolavha miyaga qisqa muddatli zavq hissini beradi. Natijada inson yana va yana telefonga murojaat qilishni xohlaydi. Ayniqsa, qisqa videoroliklar va onlayn o‘yinlar inson diqqatini uzoq vaqt ushlab qolishga mo‘ljallangani sababli qaramlik tezroq shakllanadi.

Telefonga mukkasidan ketishning asosiy sababi yolg‘izlik va bo‘sh vaqtni noto‘g‘ri tashkil qilishdir. Bugungi yoshlar jonli suhbatdan ko‘ra, virtual muloqotni afzal ko‘rmoqda. Avvallari odamlar vaqtini kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish yoki oila davrasida o‘tkazgan bo‘lsa, bugungi avlodning vaqti ekran qarshisida o‘tyapti. Oqibatda inson real hayotdan uzoqlashib, virtual dunyoga bog‘lanib qolyapti.

Mutaxassislarning aytishicha, uzoq vaqt telefondan foydalanish inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Masalan, ekran qarshisida uzoq qolish ko‘zning charchashi, bosh og‘rig‘i va uyqusizlikni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, telefonga haddan tashqari bog‘langan insonlarda asabiylik, diqqatning pasayishi va xotiraning sustlashishi kuzatiladi. Kuniga 6–7 soatdan ortiq ekran qarshisida qoladigan insonlarda tushkunlik va xavotir hissi ko‘proq uchrashi ta’kidlangan.

Yana bir achinarli holat, telefon insonlar orasidagi munosabatlarga ham ta’sir qilmoqda. Hozir bir oilada yashab turib ham bir-biri bilan suhbatlashmaydigan insonlar ko‘paymoqda. Chunki ko‘pchilikning diqqati yaqinidagilarga emas, ekran ichidagi hayotga qaratilgan. Restoranlarda, bekatlarda, hatto oilaviy davralarda ham odamlarning aksariyati telefonga tikilib o‘tirgani bunga oddiy misol.

Aslida telefonning o‘zi zararli emas, muammo - undan noto‘g‘ri foydalanishda. Texnologiya inson hayotini yengillashtirish uchun yaratilgan. U orqali bilim olish, dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lish va masofalarni yaqinlashtirish mumkin. Ammo inson vaqt me’yorini unutsa, foydali vosita qaramlikka aylanadi.

Shu sababli har bir inson telefondan foydalanishda o‘ziga cheklov qo‘yishi kerak. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarga sarflanadigan vaqtni kamaytirish, uyqudan oldin telefondan foydalanmaslik, bo‘sh vaqtni sport, kitob yoki ijod bilan o‘tkazish foydali odatlardan biri. Muhimi, virtual olam bilan real hayotning farqini unutmaslik!

Texnologiyani boshqarish o‘z qo‘limizda. Telefon bizni boshqarishiga yo‘l bermaslik kerak.

Zebo RAJABOVA,

Narpay tumani.