Kattaqo‘rg‘onda yer ajratish masalasini hal qilib berish uchun 30 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tumanda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, fuqaro A.Q. ariza muallifi L.K.ga Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Navbahor mahallasi hududida joylashgan, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 5 gektar yer maydonini tanish mansabdor shaxslar orqali auksionga chiqarib, uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan. Buning evaziga u 30 ming AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida A.Q. kelishilgan mablag‘ning bir qismi sifatida 5 ming AQSh dollarini avans tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.