Fidoyilik va kamtarlik timsoli – A’zamxon Bahromovni xotirlab...
Kattaqo‘rg‘on tumanida marhum rahbar, fidoyi inson A’zamxon Bahromovning tavallud topgan kuni munosabati bilan xotira tadbiri o‘tkazildi. "Fidoyilik Vatanga xizmat demak!" shiori ostida tashkil etilgan mazkur tadbirda uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Jonim fido bo‘lsin senga, elim!” nomli kitob taqdimoti hamda “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Tadbirda marhum rahbarning oila a’zolari, yaqinlari, do‘stlari, hamkasblari va tuman fuqarolari qatnashdi. A’zamxon Usmonovichning ibratli hayotiga bag‘ishlangan kitob ijodkorlar Muhammadali Ergashev, Odil Olimjonov va Jahongir Safarov qalamiga mansub bo‘lib, kitob muxlislarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kitobda uning rahbar sifatidagi fidokorona mehnati, insoniy fazilatlari va xalqparvarligi haqida keng yoritilgan.
Tadbirni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev olib bordi. U o‘z nutqida A’zamxon Usmonovichning hayotidagi ibratli jihatlarini ta’kidlab o‘tdi. So‘ng, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov so‘zga chiqib, marhum rahbarni "tirik tarix, katta hayot akademiyasi" deb atadi. Shuningdek, tadbir davomida ko‘plab insonlar marhumga bo‘lgan hurmat va esdaliklari bilan o‘rtoqlashishdi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini yoshlar va katta yoshdagi ishtirokchilarni birlashtirdi. Jami 16 jamoa ishtirok etgan musobaqada:
1-o‘rin – "Yoshlar" jamoasi;
2-o‘rin – "Olovli Kattaqo‘rg‘on" jamoasi;
3-o‘rin – "O‘qituvchi" jamoasi.
G‘olib jamoalar Xorazm viloyatiga 3 kunlik sayohat yo‘llanmasi bilan taqdirlandi, bu ular uchun haqiqiy rag‘bat bo‘ldi.
Xotira tadbiri nafaqat marhum rahbarning sharafli xotirasini eslatib o‘tdi, balki uning insoniy fazilatlari, halolligi va fidoyiligi har bir ishtirokchi uchun katta o‘rnak ekanligini yana bir bor namoyon qildi. Uning hayoti va faoliyati kelajak avlod uchun ibrat va ilhom manbai bo‘lib qoladi.