Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Kattaqo‘rg‘onda suv ta’minoti yangilanmoqda

Har bir kishi uchun xonadonda toza ichimlik suvi bo‘lishi oddiy ehtiyoj. Ammo yillar davomida suv ta’minoti bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelgan aholi uchun bu masalaning yechimi naqadar muhim ekanini tasavvur qilish qiyinmas.

Afsuski, Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik suvi ta’minoti masalasi uzoq yillar davomida dolzarb bo‘lib keldi. Bu muammo aholining kundalik turmushi, oilaviy yumushlari va yashash sharoitiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Shu bois bugun suv ta’minoti tizimini yangilash va mavjud muammolarga amaliy yechim topish borasida olib borilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Nazarimda, hudud taraqqiyotini faqat yangi binolar, yo‘llar yoki zamonaviy inshootlar bilan baholab bo‘lmaydi. Taraqqiyot, avvalo, insonlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda, ularning kundalik tashvishlari kamayishida, xonadonlariga qulaylik kirib kelishida namoyon bo‘ladi. Aholi yillar davomida yechimini kutib kelgan muammolarning bartaraf etilishi ham ana shu o‘zgarishlarning muhim ko‘rsatkichidir.

Keyingi yillarda Prezident qarori asosida Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik va oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida «Murtak» va «Ko‘rpa» suv inshootlarida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi, «Ingichka–Sepki» suv tarmog‘i yangilandi. Ayni paytda «Boynazar» oqova suvlarni tozalash inshootida rekonstruksiya ishlari olib borilyapti.

Yaqinda «Murtak» suv inshootidagi quduq sinovdan o‘tkazilib, undan dastlabki suv namunasi olindi. Bu suv ta’minoti tizimini yangilash jarayonidagi muhim amaliy bosqichlardan biridir.
Albatta, dastlabki suv namunasining olinishi barcha muammolar to‘liq hal etildi, degani emas. Eng muhimi, qurilish va sinov ishlari to‘liq yakunlanishi, suv sifati belgilangan sanitariya talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi hamda aholiga barqaror va uzluksiz ichimlik suvi yetkazib berilishi zarur. Zero, aholi uchun inshootning ishga tushirilgani haqidagi xabardan ham ko‘ra, xonadonlarda suvning muntazam oqib turishi, uning sifati va ta’minotining ishonchliligi muhimroqdir.

Ishonamanki, Kattaqo‘rg‘onda suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘liq yakunlanib, aholi kutgan natijalarni beradi. Eng katta yutuq — odamlarning yillar davomidagi tashvishlari kamayishi, xonadonlarida qulaylik yaratilishi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchining mustahkamlanishidir.
Toza ichimlik suvi — shunchaki kommunal xizmat emas. U inson qadri, salomatligi va munosib hayotining muhim asosidir. Kattaqo‘rg‘onda yillar davomida dolzarb bo‘lib kelgan ushbu masalaning yechim sari borayotgani aholi uchun katta umid va kutilgan o‘zgarishlardan darak beradi.

Feruza Rahimova,
xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.