Kattaqo‘rg‘onda raqamli tibbiyot imkoniyatlari kengayyapti

Kattaqo‘rg‘on tumanida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiyaviy loyihalar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan tanishtirish maqsadida OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.

Dastlab tuman tibbiyot birlashmasi faoliyati haqida umumiy ma’lumot berildi.

- Tumanimizda 300 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Vohid Xudoyqulov. – Ularga tibbiyot birlashmamizga qarashli markaziy shifoxona, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 4 ta oilaviy poliklinika va 30 ta oilaviy shifokorlik punktlari xizmat ko‘rsatib kelyapti.

Press-tur ishtirokchilari markaziy shifoxonada bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. D-MED raqamli tibbiy axborot tizimi faoliyati bilan tanishdi.

Shu kunlarda tibbiyotni raqamlashtirish, elektron poliklinika, D-MED tizimi bo‘yicha 993 nafar tibbiyot xodimi o‘qitilmoqda, - deydi V.Xudoyqulov. – Shu paytga qadar 250 nafar xodim axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldi. Bugungi kunda aholi ro‘yxati to‘liq elektron bazaga kiritilgan bo‘lib, ularga D-MED raqamli tibbiy axborot tizimi orqali xizmat ko‘rsatilyapti. Ahamiyatlisi, markaziy poliklinikamizga infokiosk, elektron navbatga yozilish qurilmasi keltirildi. Bu ham ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olyapti. Bu qurilma hozircha faqat Samarqand shahridagi 2-poliklinika va Kattaqo‘rg‘on tumani markaziy poliklinikasiga o‘rnatilgan.

Jurnalist va blogerlar tumanning Kattaming qishlog‘ida joylashgan oilaviy shifokorlik punktida aholiga ko‘rsatilayotgan zamonaviy tibbiy xizmat bilan ham yaqindan tanishdi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov,

Dilnoza Ahmadova.