Issiqlik tizimi: deyarli unut bo‘lgan bu xizmatdan aholi yana bahramand bo‘ladimi?

So‘nggi haftalarda, aniqrog‘i, sovuq kunlar boshlangach, poytaxt va boshqa shaharlarda yashovchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi savollariga ko‘zimiz tushmoqda: “Issiqlikni qachon yoqishadi?” Yaxshisi shuki, samarqandliklar bu kabi savollarni berishmayapti, yomoni esa viloyat hududida aslida o‘sha “yoqiladigan” markazlashgan issiqlik tizimining ulushi juda kam.

Umuman, markazlashgan issiqlik tizimi respublika bo‘yicha umumiy isitishning juda kam qismini tashkil etadi. Bugunga kelib faqat Toshkent shahri (unda ham taxminan 78 foiz) va yana ayrim sanoqli shaharlardagina markazlashgan issiqlik tizimi qolgan. Bu tizim yillar davomida investitsiya yetishmovchiligi va eskirgan infratuzilma sababli tobora sifatsiz xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Deyarli har yili sovuq kunlar kirib kelarkan, issiqlik tizimini tiklash masalasini jamoatchilikka ko‘tarib kelamiz. Chunki agar bugun hech bo‘lmaganda shaharlarda markazlashgan issiqlik tizimi (otopleniye) saqlanib qolganida edi, tabiiy gaz va elektr ta’minoti bunchalik ko‘p muammolar girdobida qolmagan bo‘lardi. Odamlarni "bu yil sovuqda qanday jon saqlar ekanmiz" degan savol kamroq qiynardi.

Har yili qish mavsumida isitish, umuman, kommunal soha muammolari yuzaga chiqar ekan, elektr tarmoqlari mas’ullaridan uzilishlar haqida so‘rasangiz elektr yoritish uchunligi, lekin isitishga sarflanayotgani uchun yuklamalar oshib ketganini aytadi. Tabiy gaz ta’minoti mas’ullari ham xuddi shunday, gaz aslida faqat ovqat pishirish va choy qaynatish uchun ekani, shu sabab yetmayotgani ro‘kach qilinadi. Ammo issiqlik ta’minotining yo‘qligi, xalqda boshqa tanlovning o‘zi qolmagani hammaga ma’lum.

O‘z-o‘zidan yechim ham shu yerda ko‘rinadi: qanchalik qiyin bo‘lmasin, issiqlik ta’minotini tiklash kerak, shunda nafaqat isitish muammosi yengillashadi, gaz va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ham kamayadi. Masalaning yana bir o‘ta muhim jihati bor, har yili respublikaning turli hududlarida is gazidan zaharlangan oilalar haqidagi og‘riqli voqealarni eshitamiz. Issiqlik tizimi bo‘lganida esa bunday fojialar bo‘lmasmidi. Chunki tabiiy gaz bilan uy isitilarkan, bugunmi erta baribir is gazi tarqalishi ro‘y beradi. Sababi, uy ichida tabiiy gaz bilan yonuvchi isitish pechlari o‘rnatib, xonadonni isitish texnik qoidalarga mos emas (Dahshatlisi shundaki, biz hali aksariyati qozonxonaga ega bo‘lmagan aholimizga uyda yoqish uchun hatto ko‘mir tarqatishni ham rag‘batlantiramiz).

Xo‘sh, bu tizim, markazlashgan yoki lokal bo‘lsin, issiqlik ta’minoti tiklanadimi? Bundan bir necha yil oldin mutasaddilar bilan suhbatimizda tez orada viloyatning deyarli barcha  tuman markazlari va shaharlarda issiqlik tizimi tiklanishi aytilgandi.

Umuman, bu kabi rejalar ham aslida har yili aytiladi. Uni amalga oshirish borasida biror bir qadam qo‘yilganini bilish uchun Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘ldik. Bahonada aholining uylarni isitish borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.

Har kim topgani bilan uy isityapti

Kattaqo‘rg‘on shahri hududidagi ko‘p qavatli uylar... Bilasizmi, qishda ko‘p qavatli uy yashovchilarida hammasi joyida yoki yo‘q ekanini aholi bilan suhbatlashmasdan turib ham, bittagina manzaradan bilish mumkin: Devorlarni teshib, o‘rnatilgan mo‘rilar. Aslida, ko‘p qavatli uyning beton devorlarini o‘zboshimchalik bilan teshish mumkin emas. Ammo uyni isitish kerak-ku. Kattaqo‘rg‘onda ham ko‘p qavatli uylar ko‘zimiz tushgani ana shu manzara bo‘ldi.

- 30 yildan beri shu hududdagi ko‘p qavatli uyda yashayman, oxirgi marta qachon issiqlik tizimi ishlaganini yodimda ham yo‘q, - deydi shaharning Amir Temur nomli mahallasida istiqomat qiluvchi Tesha Sattorov. – Uyni tabiiy gazda isitamiz. O‘tgan yil qishda qiynaldik. Bu yil esa hali kunlar ozgina sovumasidan gaz bosimi payasib ketdi. Afsuski, qish hali oldinda.

- Har kim topgani bilan isitadi. Kimdir o‘zi “kotyol” o‘rnatgan, kimdir elektr bilan, - deydi shu mahallada yashovchi Muhiddin Xudoyberdiyev. - O‘tgan yili shu atrofdagi bir xonadonda qo‘lbola pech ishlatib, ko‘mir yoqish oqibatida avariya ham sodir bo‘lgandi. Gaz bosimi pasaydi, afsuski, elektr ta’minotida ham uzilishlar boshlandi. Issiqlik tizimi o‘tgan asrning 90-yillarida bo‘lgan, hozir markaziy qozonxonaning joyi ham sotib yuborilgan. Ikki konturli isitish tizimiga ega xonadonlar esa faqat yangi qurilgan “dom”larda bor.

Shahardagi yana bir qator hududlarda aholi bilan suhbatlashdik, javoblar deyarli bir xil: “har kim topgani bilan uy isityapti”.

Kattaqo‘rg‘onda issiqlik ta’minoti tiklanadi!

Shahar hokimligida bo‘lib, mutasaddilar bilan suhbatlashganimizda shu ma’lumotni taqdim etishdi. Faqat, butun shahar bo‘ylab emas, hozircha 20 ta ko‘p qavatli uyda issiqlik tiklanishi ma’lum qilindi.

- Shaharning Vatanparvar, Amir Temur nomli mahallalarida buyurtmachi — viloyat hokimligi huzuridagi ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash bo‘yicha injiniring kompaniyasi tomonidan 9 ta 4 qavatli, 11 ta 5 qavatli uydagi mingdan ziyod xonadonlarni markazlashgan issiqlik bilan ta’minlaydigan lokal qozonxona qurilishi ko‘zda tutilgan, -deydi Kattaqo‘rg‘on shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Sherzod Saydiyev. - Salkam 3,5 milliard so‘mlik ushbu loyiha ob’yekti tender savdolariga qo‘yilgan bo‘lib, 1 noyabr kuni tender savdolari o‘tkaziladi (maqola 31 oktyarbda tayyorlangan).

Tender g‘olibi, 50 kun ichida ob’yektni qurib bitkazish majburiyatini oladi. Demak, qozonxona yanvar oyida ishga tushadi.

Masalaning yana bir muammoli tomoni shundaki, 90-yillarda qurilgan hududdagi ushbu uylarning deyarli barchasida issiqlik tizimi quvurlari yaroqsiz holga kelib bo‘lgan (chunki ishlatilmagan).

Mutasaddilar oldidagi navbatdagi vazifa — pul topib ana shu 20 ta ko‘p qavatli uy yerto‘lasidagi va ungacha keladigan issiqlik tarmoqlarini yangilash. Shahar hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur muammo ham e’tiborga olingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun 2,5 milliard so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi. Ushbu mablag‘ni ajratish uchun hokimlik tomonidan tegishli idoralarga murojaat qilingan. Xullas, ushbu masalaning moliyaviy tomoni hal etilsa va ob’yekt qurilishi o‘z vaqtida bajarilsa, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 20 ta ko‘p qavatli uy aholisi keyingi yil boshida issiqlikdan bahramand bo‘ladi.

Shahardagi ko‘p qavatli uylar soni 260 tani tashkil etishini hisobga olsak, 20 ta ko‘p emas. Faqat bir narsa bizda ijobiy kayfiyat uyg‘otdi: nihoyat, issiqlik tizimini tiklash borasida harakatning boshlangani. Uning o‘z vaqtida amalga oshirilishini esa albatta kuzatib boramiz va mavzuga qaytamiz.

Darvoqe, o‘tgan yillarda mutaxassislar bilan suhbatlarda quyidagi tahlil bilan tanishgandik. Ya’ni, individual isitish tizimlari orqali sarflanadigan tabiiy gaz miqdori markazlashgan issiqlik tizimidan ancha ko‘p. Aytaylik, ma’lum miqdordagi uylarni isitish markazlashgan holda issiqlik manbai orqali amalga oshirilganda ming kub metr gaz sarflansa, individual isitishda qariyb 2 ming kub metr gaz ishlatiladi. Umuman, har qanday hududda markazlashgan issiqlik ta’minoti bo‘lmagani juda katta miqdorda tabiiy gaz yo‘qotilishiga olib keladi. Ikkinchidan, gaz qancha kam yoqilsa, ekologik ofatlar shuncha kam, uchinchidan esa yuqorida aytilganidek, markazlashgan issiqlik tizimi inson hayoti uchun xavf keltirmaydi.

Maqolani tayyorlarkanmiz, rivojlangan davlatlarda aholi xonadonlari qanday isitilishi bilan qiziqdik. Ma’lum bo‘ldiki, taraqqiy etgan davlatlarning aksariyat hududlarida xonadonlar quyidagi usullarda isitiladi: Markazlashgan issiqlik tizimi (eng ko‘p), individual isitish uskunalari (qozonxonalar bilan), geotermal issiqlik nasoslari hamda elektr isitish tizimlari (arzon yoki qayta tiklanuvchi energiya manbalari keng tarqalgan hududlarda).

 Bundan ko‘rinadiki, har qanday holatda sohani tiklash zarur va shart ekani kun sayin oydinlashib bormoqda. Albatta, buning uchun katta mablag‘ talab etiladi, afsuski, bizda bundan yaxshiroq boshqa muqobil variant yo‘q hozircha.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).