Kattaqo‘rg‘ondagi markazlashgan issiqlik tizimi: Inshoot qurilishi nega cho‘zilmoqda?
Kattaqo‘rg‘on shahrida qurilayotgan issiqlik ta’minoti tizimi sohadan xabardor barcha uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan inshoot.
Birinchidan, uzoq yillardan so‘ng ilk bor viloyat markazidan tashqarida (aslida markazlarda ham tashlab qo‘yilgan) bunday tizim qurilmoqda. Bu issiqlik ta’minotida, garchi qimmat bo‘lsada, loyihalar boshlangani o‘laroq yoqimli xabar.
Ikkinchidan, bugungi kunda har qishda uchraydigan tabiiy gaz va elektr ta’minotidagi muammolarning sabablaridan biri ham shu — aynan markazlashgan issiqlik tizimi yo‘qligida. Yoshi kattalar yaxshi biladi, issiqlik manbai korxonalari doimiy ishlab, qo‘p qavatli uylarga issiqlik muntazam yetkazib turilgan vaqtlarda bunday hududlarda gaz va elektr muammolari bo‘lmagan. Uchinchidan, isitishning bunday tizimi har doim nisbatan arzon bo‘lgan.
Xullas, Kattaqo‘rg‘onda ushbu inshoot qurilishi e’lon qilingan zahoti shaharga borib dastlabki maqolani e’lon qilgandik. O‘z navbatida loyiha ijrosi yakuniga yetguniga qadar kuzatib borishimizni yozgandik. Shu maqsadda jarayon qanday ketayotganini o‘rganish uchun yana Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘ldik.
Ta’kidlanganidek, ushbu tizim ishga tushsa, shahardagi 24 ta ko‘p qavatli uydagi barcha xonadonlar markazlashgan issiqlik tizimi bilan ta’minlanadi. Xususan, shahardagi eng katta mahalla — Vatanparvarda issiqlik muammosiga barham beriladi.
Aholi bilan suhbatda bildikki, ular ham loyiha boshlanganini yaxshi kayfiyatda kutib olgan. Ammo loyihadan xabardor bo‘lmaganlar ham bor.
- Bu biz uchun uzoq kutilgan qurilish, - deydi mahalla raisi Qahramon Aminov. - Issiqlik tizimi, birinchidan, umuman xavfsiz, chaqnash ehtimoli, is gazidan zaharlanish xavfi yo‘q, nisbatan arzon va doimiy issiqlik kimga kerak emas?
Shuning uchun ushbu qurilish boshlangani albatta yaxshi. Hozir tarmoqlar qurilishi bir necha ko‘p qavatli uylarga yetib borgan. Xonadonlarni ulash ham boshlangan. Faqat ayrim xonadon egalarigina turli sabablar, masalan, “uyimning ta’miriga zarar yetadi” degan vajlar bilan tarmoq tortishni xushlamayapti. Ammo bunday fikrdagilar sanoqli, o‘ylaymanki, tushuntirish ishlari bilan tez orada bunday gaplarga hojat qolmaydi.
Darhaqiqat, suratda ko‘rib turganingizdek, ko‘p qavatli uylarga tarmoq tortish ishlari davom etmoqda. Qozonxona joyi ham tayyor, tez orada o‘rnatilishi aytilmoqda. Afsuski, loyiha yakuni baribir mart oyigacha cho‘zilishi mumkin. Xullas, aholi bu hududda keyingi yil qishdagina ishonchli va muntazam issiqlikdan bahramand bo‘ladi. Buning sabablariga qiziqdik.
Tabiiyki, inshoot hali qurib bitkazilmaganligi va hokimlikka topshirilmagani sababli shahar hokimligi mutasaddilari bu borada aniq fikr bildira olmadi. Ob’yekt hali qabul qilib olinmagan. Shu sababli buyurtmachi — viloyat hokimligi huzuridagi “Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi vakili bilan bog‘landik. Avvalgi chiqishimizda ushbu ob’yekt qurilishi uchun tender 2024 yil 1 noyabrda o‘tkazilishini aytgandik.
Xususan, tender g‘olibiga ob’yektni 50 kun ichida qurib bitkazish majburiyatini yuklash ko‘zda tutilgan. Injiniring kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, 1 noyabr kuni faqat bitta pudrat tashkiloti qatnashganligi sababli tenderda qurilish pudrat tashkiloti aniqlanmagan. 4 noyabrda o‘tkazilgan tanlovda «KOMUNAL QURILISh BB» MChJ Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur ko‘chasida joylashgan ko‘p kvartirali uylarni issiqlik ta’minoti tizimini ta’mirlash ob’yekti bo‘yicha g‘olib deb topilgan va 25 noyabrda pudrat shartnomasi tuzilgan. G‘azna hisob raqamida qurilish pudrat ishlari uchun to‘lov yopiqligi sababli loyiha 5 dekabrga kelib moliyalashtirilgan.
Hozir ob’yektda barcha issiqlik quvurlari olib kelingan va qurilish ishlari olib borilmoqda. 1900 metr tarmoq tortilgan, qozonxonalar olib kelingan. Qozonxona ishlari (biz borgan vaqtda) 50 foizga bajarilgan.
Buyurtmachi, mutaxassislar va aholi bilan suhbatda bildikki, loyiha kechikishining yana bir jiddiy sababi – hududda yer ostida kommunikatsiya tarmoqlarining haddan tashqari ko‘p ekani. Muhandislik, kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetkazmaslik uchun qazish va tarmoq tortish ko‘pincha qo‘l mehnati bilan amalga oshirilmoqda. Bu esa ishlarni ma’lum muddatga ortga surishi aytilmoqda.
Shunday qilib, uzoq kutilgan, joylarda yana markazlashgan issiqlik tizimini qayta tiklashga qaratilgan dastlabki loyiha ana shu tarzda davom etmoqda. Katta ehtimol bilan qurilish ishlarining to‘liq yakuni mart oyiga to‘g‘ri keladi. Nima bo‘lganda ham boshqa muammolar chiqib, qurilish to‘xtab qolmasligidan umidvormiz va bu kabi loyihalar boshqa hududlarda ham davom ettirilishi lozim deb bilamiz.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.