Shahar chiqindi qutisi emas, u - uyingiz!
Shahrimiz ko‘chalari bo‘ylab yurar ekanman, bir ayanchli manzara dilimni xira qilmasdan qolmayapti. Har kuni qayta-qayta guvoh bo‘laverganimdan so‘ng, bu holatga munosabat bildirishni lozim topdim.
Ertalab yaxshi kayfiyatda oliygohimiz tomon yo‘l olar ekanman, yo‘l chetida turgan «qadrdon» chiqindi uyumlariga qarab kayfiyatimni ozroq tushirib olaman. Ularni takror va takror ko‘raverganimdan so‘ng, ular menga begona bo‘lmay qoldi. Lekin har safar ko‘rganimda xayolimda turli fikrlar aylanadi: "Nega buni tashlab ketishdi? Maxsus chiqindi idishlariga tashlasa, o‘lib qolarmidi", degan savol tug‘iladi. "Balki erinishgandir", deb o‘zimga taskin beraman.
Albatta, doimgidek tushdan keyin qaytishimda ular o‘z joyida bo‘lmaydi – allaqachon obodonlashtirish xodimlari tomonidan olib ketilgan bo‘ladi. "Xo‘sh, chiqindilar olib ketilsa, keyinchalik tozalansa, nega buncha salbiy bildiryapsan?", deyishingiz mumkin. Lekin buning ortida aslida, farosatsizlikka bo‘lgan nafrat yotadi.
Bu kabi holatlarga ko‘p guvoh bo‘laverib, nafratlanib qoldim. Tasavvur qiling, ko‘chada ketayotgan kishi qo‘lidagi bo‘sh idishni maysalar ustiga otib ketsa, boshqasi uyidan chiqqan chiqindi paketini "baribir olib ketishadi-ku", deb yo‘l chetiga tashlab ketsa... Bu farosatsizlik, biz uchun fojia emasmi? Axir qanday qilib inson o‘zi yashaydigan zaminga bunday munosabatda bo‘lyapti? Har qadamda bitta plastik idish yoki yeb bo‘lingan shirinlik idishi yotsa, tabiat aziyat chekadi-ku! Biz tabiatga shunday munosabatda bo‘lib, undan yaxshilik kutishimiz ham xato emasmi?
Yurtimiz, xalqimiz haqida gap ketganda buyuk ajdodlarimiz, olim-u ulamolarimiz, qadimiy shaharlarimizdan gap boshlaymiz. Xo‘sh, ularni ko‘rgani kelgan sayyohlarda ham ajdodlarimizga bo‘lgandek hurmat va taassurot qolyaptimi? Samarqand "Yer yuzining sayqali", deya e’tirof etiladi. Bizning vazifamiz esa uning ushbu nomni saqlab qolishda ko‘maklashishdir. Shaharning har burchagi chiqindi uyumlari bilan to‘lib yotsa, qaysi sayyohning bu yerga qadam bosgisi keladi? "Samarqandga bordim, u yer juda kir, iflos ekan", deyishsa, qaysi bir o‘zbekka bu fikr yoqadi? Shuning uchun bu yerni toza-ozoda saqlash yuksak vazifamiz bo‘lmog‘i kerak. Zero, shahar imijiga birgina noto‘g‘ri harakat bilan putur yetkazmaslik lozim.
Maxsus idishga tashlash unchalik qiyin emas. Lekin shu narsani kimdir ularga o‘rgatishi kerak. Balki allaqachon yoshi ulg‘ayib qolgan insonlarni qayta tarbiyalash qiyindir. Lekin biz bu narsani yoshlarga uqtirish orqali kelajakda bu kabi muammolarni bartaraf eta olamiz. Keling, media orqali buni targ‘ibot qilaylik, balki insonlar tushunib, bu ishlaridan qaytishar. Negaki, bizning qo‘limizdan keladigan yagona ish hozircha shu!
Sardor RUSTAMOV.