Jirinovskiy aytgan gaplar nega bugunga mos kelmoqda?
U 30 yil davomida LDPRga rahbarlik qildi. Rossiya Davlat Dumasining barcha chaqiriqlarida deputat bo‘ldi. 6 marta prezidentlikka nomzodini qo‘ydi, ammo saylanmadi. Uning jamoat oldidagi chiqishlari ko‘pincha shov-shuvli mojarolarga sabab bo‘lardi. Keskin va qat’iy bayonotlari ko‘pchilikni hayratga solgan. Ayrim gaplari hatto telbalarcha tuyulgan.
Faqat u vafot etgandan keyingina ko‘pchilik uning aytgan gaplari haqiqatda ro‘yobga chiqqanini anglay boshladi.

Bugun ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda Vladimir Jirinovskiyning turli yillardagi chiqishlaridan parchalarni ulashmoqda. Siyosatchining bayonotlari ko‘p hollarda dunyoda ro‘y berayotgan voqealarni aniq aks ettiradi. Ilgari mubolag‘a deb qaralgan fikrlar bugun reallikka aylanmoqda.
Ayrim ekspertlar bu xislatini intuitsiyasi o‘ta rivojlangani bilan izohlamoqda. U Vanga emas. Shuning uchun u kelajakda “ko‘rgan” narsalar «oldindan ko‘ra bilish emas», balki zo‘r tahlil va intuitsiya - ichki his natijasi. Intuitsiya bo‘lmasa, buning hech biri bo‘lmas edi, deyishmoqda ular.

2019 yilda LDPR rahbari 2024 yilga kelib Yaqin Sharqda mojaro boshlanishini va hamma Ukraina haqida unutib qo‘yishini aytgan edi. Bundan tashqari, u Rossiya va AQSh prezidentlari Sochida uchrashib, kelishuvga erishishini aytib, buni 1945 yilgi Yalta konferensiyasiga o‘xshatgan.
1998 yilda Jirinovskiy Ukraina NATO bilan yaqinlashsa, halokatga uchrashini aytgan. Bir yil o‘tib esa urush Ukraina hududida bo‘lishini va G‘arb ayrim tomonlarni qo‘llab-quvvatlashini tilga olgan.

Siyosatchi Rossiya Xitoy bilan birga bo‘lishini, kuchli savdo urushi yuzaga kelishi, hatto u harbiy to‘qnashuvga aylanishi mumkinligini, AQSh zaiflashib, Xitoy kuchayishini ham bashorat qilgan.
Jirinovskiy Eron haqida gapirib, bu yerda eng og‘ir voqealar bo‘lishini va gap hatto uchinchi jahon urushi haqida ketayotganini ta’kidlagan.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Jirinovskiyning Yaqin Sharqdagi zanjirli reaksiya haqida yana bir “bashorat”i tarqaldi — Eronga zarbadan tortib Yevropa iqtisodiyotigacha bo‘lgan inqirozgacha. Murojaatida u Isroil Eronga qarshi yadroviy qurol qo‘llashi mumkinligi, Eron esa Saudiya Arabistoniga javob zarbalari berishini aytgan. Hurmz bo‘g‘ozi yopilib, neft narxi barreli 400 dollargacha oshib ketishi va bu Yevropada jiddiy iqtisodiy inqirozga olib kelishi, ushbu mojarolar oqibatida millionlab qochqinlarni paydo bo‘lishini ishonchli tarzda aytgan.

Vaqtida fikr va tahlillari inobatga olinmagan Jirinovskiyning endilikda ruhi bilan «gaplashish» va bu urushlar natijasi haqida bilish istagi paydo bo‘ldi. Ekstrasenslarga Jirinovskiy ruhi maxsus harbiy operatsiya 2026 yil kuzida yakunlanishi mumkinligini «aytganmish». Shuningdek, u Zelenskiy ketishini, Ukraina bo‘lib olinishini, AQSh parchalanib, Donald Trampga suiqasd bo‘lishi mumkinligi haqida «ogohlantiradi», «Komsomolskaya pravda» gazetasida. Gazetaga ko‘ra, u rossiyaliklarga kartoshka ekishni «tavsiya etgan» va iqtisodiy vaziyat beqaror bo‘lishini «bashorat qilgan». Yaqin Sharq haqida esa vaziyat yadroviy bosqichgacha yetishi va katta migratsiya bo‘lishi mumkinligini «aytgan».
Eslatib o‘tamiz: Vladimir Jirinovskiy 2022 yil 2 fevralda koronavirus bilan kasallanib shifoxonaga yotqizilgan va ikki oydan ortiq davolangan. Shifokorlar uni saqlab qololmadi — 2022 yil 6 aprel kuni vafot etdi.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.