Tarix, adabiyot va tafakkur uyg‘unligi “Samarqandim”ning yangi sonida

“Samarqandim” - “My Samarkand” jurnalining navbatdagi 4-soni kitobxonlar qo‘liga yetib bordi.

Tahririyat jamoasining bu galgi ijod mahsuli ham mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotini chuqur tahlil va yuksak did bilan aks ettirgan.

Jurnalning ushbu soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning “O‘zbekiston tarixiy qadam tashlamoqda...” maqolasi bilan boshlangan. Unda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining yangi bosqichi — O‘zbekistonning ilk bor jahon aksiyalar bozoriga chiqqani, Milliy investitsiya fondi orqali milliy kompaniyalar aksiyalarining bir vaqtning o‘zida London va Toshkent fond birjalari savdosiga qo‘yilgani haqida muhim fikrlar bayon etilgan. Maqola yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro maydondagi amaliy natijasini yaqqol ko‘rsatadi.

Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodovning “Mening Prezidentim!” maqolasi esa sodda va samimiy uslubda yozilgan bo‘lsa-da, katta ma’naviy yukni o‘zida mujassam etgan. Muallif Yurtboshimizning Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasini qayta tiklash va yangilash yo‘lidagi sa’y-harakatlari orqali millatimiz nufuzini butun dunyoda yuksaltirishga qo‘shgan hissasini ta’sirchan misollar bilan ochib beradi.

Jurnal sahifalarida joy olgan Qudratilla Rafiqovning adib Abdusaid Ko‘chimovning “Yuksalish simfoniyasi” kitobi haqidagi tahliliy maqolasi, Sohibqiron Amir Temurning soliq siyosati xususida bugungi soha mutaxassislarining mulohazalari, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurovning “Yaldo kechasi” haqidagi fikrlari jurnalning ilmiy va adabiy salmog‘ini yanada oshirgan.

Ayniqsa, fan arbobi Anvar Zohidovning ilm-fan taraqqiyoti va zamonaviy ilm inqilobi haqidagi qarashlari, shoir O‘tkir Rahmat bilan bo‘lgan samimiy suhbat o‘quvchini mushohadaga chorlaydi. Bu materiallar inson tafakkuri, ijod va ma’naviyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni teran anglashga xizmat qiladi.

Jurnalist Murtazo Qarshiboyning “Samariya”ni o‘qib”, Dilshod Nurullohning “Dahbediya dovrug‘i: Rumdan — Xitoygacha”, Nuriddin Begaliyev hamda Abdurayim Turobovning “Samarqandning unutilgan nomlari” maqolalari esa o‘quvchini yaqin tariximizning bizga noma’lum bo‘lib kelgan qirralari bilan tanishtiradi.

Shuningdek, jurnal O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Temur tuzuklari” she’ri, Germaniyaning Marburg universiteti katta ilmiy xodimi Sharof Xudoyberdiyevning “Nobel orzusi”, Muhammadixon Buzrukovning “Qog‘oz Samarqandda kashf etilganmi?” hamda Farrux Hamroyevning “Ahmadjon Muxtorovning armonlari...” kabi mazmunli maqolalari bilan yanada boyitilgan.

Qisqasi, “Samarqandim” jurnalining yangi soni nafaqat adabiy-badiiy yoki ijtimoiy-siyosiy nashr, balki millat tafakkuri, tarixiy xotirasi va ma’naviy yuksalishini o‘zida mujassam etgan muhim ma’rifiy manba sifatida qadrlidir.