Mutolaa: Qor odam (Hajviya)

Gerbert KEMOKLIDZE

Tuman gazetasi muharririning kabinetiga katta jundor mahluq taqillatib kirib keldi. Tirnoqlari o‘sgan oyoqlarini asta bosib muharrir stoli yoniga keldi-da, xijolat bo‘lib jilmaydi.

- O‘tiring, marhamat. Sizni ko‘rganimdan judayam xursandman!

- Ha, siz meni bilasizmi, - taajjublanib so‘radi bahaybat mahluq stul chetiga kamtarona cho‘karkan.

- Shubhasiz, - xitob qildi muharrir. – Siz qor odamsiz!

-To‘g‘ri, - mehmon hayratga tushib qalin soqolini siladi, - Siz meni ilgari qayerdadir ko‘rganmidingiz?

- Bo‘lmasamchi, - g‘urur bilan dedi muharrir. - Naq ikki marta! Tog‘da! Bir kuni siz mendan bir necha metr naridan o‘tdingiz, ammo men shoxda edim, siz meni sezmadingiz.

- Demak, siz mening mavjud ekanligimni bilarkansiz-a, - so‘radi qor odam.

- Albatta-da, - javob berdi muharrir.

Mehmon yana soqolini siladi.

- Nimaga unda siz men haqimda bu o‘ylab topilgan narsa, haqiqatda esa yo‘q, deb yozdingiz?

- Juda oddiy. Viloyat gazetasida sizning mavjud emasligingiz haqida maqola bosilgan edi-da.

- Ammo, siz men ob’yektiv mavjudligimni bilardingiz-ku, - hayqirdi qor odam va muharrirga hayron bo‘lib boqdi.

- Ko‘ryapsizmi, - tushuntirdi muharrir, - boshliqlarning fikri ham ob’yektiv mavjud. Modomiki, rahbarlar sizni ob’yektiv mavjud emas deb hisoblashayotgan ekan, siz ob’yektiv emas, sub’yektiv mavjudsiz. Mana, agarda…

- Gapingizni bo‘layotganim uchun uzr, - chidamadi kor odam, - siz mening borligim haqida maqola yozishingiz kerakka o‘xshaydi.

- Yo‘q-yo‘q, nimalar deyapsiz, - qo‘lini silkitdi muharrir. - Endi mutlaqo mumkin emas. Axir, bu subutsizlik bo‘ladi-da: bugun bir xil, ertaga boshqacha gapirsam. Agar viloyat gazetasida…

- Kechirasiz, yana gapingizni bo‘laman, - muloyim ta’zim qildi qor odam. - Meni ketadigan vaqtim bo‘ldi. Men bu yerga sizning ko‘zingizni ochib qo‘yish uchun keluvdim. Ammo, ular uzoqdan turib boshqarilar ekan.

Muharrir qor odamni muloyim quchdi, uni eshikkacha kuzatib qo‘ydi va xayrlashar ekan dedi:

- Siz meni kechirasiz-da, endi. Nimayam qilardik, men shunaqa subutli odamman-da!

Habib Siddiq tarjimasi.