Yurtimizga ko‘z tegmasin
Yoshim 86 ga yaqinlashdi. Yaratganga hamdu-sano, shukronalar aytaman, tengqurlarim qatorida Yangi O‘zbekistonda keksalik gashtini surayotganimdan mamnunman.
Albatta, bu yoshga yetgunga qadar ko‘p rahbarlarni, voqealarni ko‘rganman, turmushning achchiq-chuchugini tatiganman. Avvalgi va keyingi davrni taqqoslash imkoniga egaman. Qishloqda tug‘ilib o‘sganim sababli umrimning asosiy qismi qishloq xo‘jaligi yumushlari bilan kechgan.
Bolaligim Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi qiyinchiliklar davriga to‘g‘ri kelgan. Hozirgiday yegulik-ichimlikni saralab emas, boriga shukur qilib yashaganmiz.
Otamiz urushdan yarador bo‘lib kelgan, bizlarni sabr-qanoatga o‘rgatgan. Ro‘zg‘or uchun tovuq parvarish qildik, keyin yechki oldik, ko‘p boqdik, ularni sotib buzoq oldik, buzoq sigir bo‘ldi, (kambag‘allikdan chiqish yo‘li edi). Bularning hammasi sabr-qanoat tufayli paydo bo‘ldi va umrimizga qut-baraka berdi, deb ko‘p takrorlar edi padari buzrukvorimiz.
1945-1950 yillarda qishloqlarda hamma odamlar tomorqasiga oq jo‘xori ekib, olingan hosildan yil davomida un qilib zog‘ora non bilan hayot kechirar edi. Bug‘doy uni 1950 yildan keyin paydo bo‘ldi, undan tayyorlangan non tansiq yegulik sifatida mehmonlarga, betob insonlarga tayyorlanar edi. Haftaning faqat yakshanbasida otamiz Yakanshik ota bozoriga borib, qand-qurs va boshqa yegulik sotib olib kelar edi. Demoqchimanki, hozirgiday do‘konlar yo‘q edi, qishloqda bittagina do‘kon bo‘lib, unda ham oziq-ovqat mahsulotlari juda ham kam edi.
1991 yil SSSR degan mustabid tuzumi inqirozga yuz tutib tugatildi, O‘zbekistonimiz mustaqil deb e’lon qilindi. Bu jarayonda XI chaqiriq O‘zbekiston Oliy Kengashining deputati – xalq vakili sifatida Mustaqillik uchun ovoz berganimdan hamisha faxrlanaman va g‘ururlanaman. Besh yil deputatlik davrimda O‘zbekiston Respublikasining Bosh qomusi — Konstitutsiyasini, bayrog‘ini, madhiyasini va qariyb 200 ta qonunlar qabul qilinishida ovoz berganim hayotimdagi tarixiy voqealardan hisoblanadi.
Jonajon O‘zbekistonmiz Mustaqillikka erishganidan keyin, ayniqsa keyingi 8 yilda har tomonlama rivojlandi, obod bo‘ldi. Yurtimiz agrar mamlakatdan sanoati rivojlangan, ilmdan taraqqiy etayotgan, sayyohlar oqimi ko‘paygan mamlakatga aylandi.
Odamlarning turmush sharoiti sezilarli darajada yaxshilandi, ayniqsa, qishloqlarda elektr energiyasi, gaz ta’minotining uzluksizligini tariflashga so‘z ojiz.
Men keksa avlod vakili sifatida hozirgi nuroniy oqsoqollar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lganim sababli, ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimiz sha’niga minnatdorlik so‘zlarini ko‘p eshitganman. Tinib-tinchimas Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonga birinchi rahbar bo‘lgani Allohning O‘zbekiston xalqiga ko‘rsatgan inoyatiga shukronalar bildirishadi va u kishining haqiga duo qilishadi. Zero, hurmatli Prezidentimizga Alloh ilohiy bir kuch-qudrat bergan, tuganmas aql-zakovat bergan.
Hozirda yurtimizning qayeriga bormaylik, Prezidentimizning sa’y-harakatlari tufayli ko‘zni quvontiradigan, dilni yayratadigan manzarani ko‘rasiz.
Boshqa viloyatlarni kamsitmagan holda aytmoqchiman, Hurmatli Prezidentimizning Samarqandga mehri o‘zgachaligi ma’lum.
Yurtboshimiz suyukli Samarqandimizni xayrli, savobli tadbirlarni o‘tkazadigan chin ma’noda nurli maskanga aylantirdiki, dunyo qoyil qolyapti. Keyingi yillarda jahonning yarim aholisi istiqomat qilayotgan 14 mamlakatning prezidentlarini taklif qilib, yig‘ilish o‘tkazgani, YuNESKOning yillik tadbiri Samarqandda o‘tkazilishi va boshqa ko‘plab katta-kichik tadbirlarning shu yerda o‘tkazilishi bu katta yutuq, muvaffaqiyat sanaladi.
Prezidentimiz O‘zbekiston xalqini o‘zining shijoati, xalqparvarligi, tinchliksevarligi bilan birlashtirdi. Shuning bilan birga, yonimizdagi qo‘shni mamlakatlar xalqiga ham g‘amxo‘rlik qilayotgani tahsinga sazovor.
Alloma aytganiday, boshqalar to‘g‘risida qayg‘urib, o‘z baxtini topayotgan mehribon hamda barakali rahbarimiz borligidan faxrlanamiz.
Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining o‘zining tashabbuslari bilan uchrashtirib, ular o‘rtasiga iliqlik kiritgani, kambag‘allikni tugatish bo‘yicha olib borayotgan ishlari jahonda qo‘llanilyapti. Amerika Qo‘shma Shtatiday qudratli mamlakat Prezidenti ham bizning Prezidentimiz bilan hisoblashayotgani, iliq munosabati hammamizni quvontirdi.
Darhaqiqat, yurtboshimiz katta ko‘lamda keng qamrovli ishlarni amalga oshirayotganlari tufayli yutuqlari bisyor, mukofotlari ham ko‘payyapti. Eng muhimi, xalqimizning ishonchi oshdi. Prezidentimizga yutuqlar, mukofotlar muborak bo‘lsin deyishga haqlimiz. Bularning barchasi ta’kidlanganidek Hurmatli Prezidentimizni dinu-davlat rahbarlari, arboblarining lideriga aylantirdi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Prezidentimizning yaqinda Samarqand viloyatiga tashrifi ham tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Yozuvchilar yozaman desa yurtboshimizning har bir ish kuni bir doston, tarix, bir asar roman bo‘ladi. Urgut tumaniga (bu tumanda 600 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi) qisqa muddatda temir yo‘l qurilib, Prezidentimizning biz nuroniylar hamrohligida poyezdda tumanga borishi bu mo‘’jiza edi. Yurtboshimizning kayfiyati a’lo, sababi niyatlari amalga oshayapti, topshiriqlari bajarilyapti.
Urgutda viloyat xalq deputatlari kengashi sessiyasida Prezidentimiz tomonidan viloyat hokimligiga ko‘rsatilgan nomzod Adiz Muzaffarovich Boboyev viloyat hokimi etib saylandi.
Yangi xokim bilan nuroniylar ham yonma-yon turib yoshlarni tarbiyalashga, ularni sabr-toqatga shukrona bildirib yashashga o‘rgatishga va’da berishdi.
Yurtboshimiz Samarqand viloyatini metodik viloyatga aylantirish bo‘yicha tashabbus bildirdi. Aholisi eng ko‘p Urgut tumanida, Samarqand viloyatida hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi aytildi. Urgut tumani misolida 30 ta yo‘nalish bo‘yicha ishsizlikni, kambag‘allikni tugatish, yerdan unumli foydalanish, tokzorlarni tomchilatib sug‘orish, pirovard natijada iqtisodni yaxshilash kabi vazifalarni belgilab berdi. Urgutda 100 ming kvartirali uy joy qurib, “Yangi Urgut” shahrini barpo qilish niyat qilindi. Bularning barchasiga sarflanadigan xarajatlar uchun ortig‘i bilan mablag‘ ajratilishi biz keksalarni ham quvontirdi.
Mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlarning barchasi yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosatning sermahsul mevasi deb bilamiz.
O‘zbek xalqining suyukli shoiri Muhammad Yusuf “O‘zbekistonni bilganlarga qilaman ta’zim, bilmaganlarga rahmim keladi” deb yozgandi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev keyingi 8 yilda jonajon O‘zbekistonimizni, suyukli Samarqandimizni dunyoga bo‘y-basti bilan tiniq, ravshan, go‘zal qilib tanitdiki, sayyohlar sezilarli darajada ko‘paydi. Imom Buxoriy majmuasi, shaharchasi, ishga tushgandan keyin musulmon mamlakatlaridan ziyoratchilar oqimi, misli ko‘rilmagan darajada ko‘paydi. Bu esa davlatimiz iqtisodi yanada yaxshilanishiga hissa qo‘shadi.
Abdushukur Muhammadqulov,
mehnat faxriysi.