Amir Temurning harbiy yurishlari va sarkardalik mahorati: Sohibqiron qanday yo‘l bilan raqiblarini yenggan?
Buyuk sarkarda Amir Temurning harbiy yurishlari orasida Qunduzcha jangi alohida ajralib turadi. Bu jang Amir Temur qo‘shini bilan Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon o‘rtasida 1391 yil 18 iyunda hozirgi Samara bilan Chistopol shaharlari oralig‘ida, Volga daryosining sharqiy sohilida joylashgan Qunduzcha mavzeida sodir bo‘lgan.
U o‘rta asrlardagi eng yirik janglardan hisoblanadi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, To‘xtamishxon qo‘shini Amir Temurnikidan ancha ko‘p bo‘lgan. Amir Temur qo‘shinida 200 ming askar bor edi. Qunduzcha jangida har ikki tomondan 500 mingga yaqin jangchi ishtirok etgan. Amir Temur qo‘shinlarini an’anaviy tartib – markaz, so‘l va o‘ng qanot holidan o‘zgacha tartibda tuzishga ahd qiladi va jangovar tartibning yangi usulini qo‘llaydi, qo‘shin 7 qo‘lga taqsim etiladi. Markazdagi qo‘lga amalda amir Sulaymonshoh qo‘mondon bo‘lgan. Uning ortidan Muhammad Sulton bosh bo‘lgan qo‘l joylashgan, bu qo‘l ketidan Sohibqiron qo‘l ostida bo‘lgan 20 qo‘shin (bo‘luk) zaxiradagi qism sifatida borgan. Barong‘arga Mironshoh Mirzo, qunbul (qanot)ga amir Xoji Sayfiddin barlos, juvong‘arga Umarshayx Mirzo, unga qunbul sifatida amir Berdibek, Saribug‘o qo‘llari joylashgan. O‘g‘ruq va zaxira qismlariga qo‘mondonlikni Amir Temur o‘z zimmasiga olgan. Uning qo‘shini markaz ortida bo‘lib, kim yordamga muhtoj bo‘lsa o‘shanga ko‘mak yuborishga tayyor turgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, jang taqdirini ushbu harbiy qism hal etgan. To‘xtamishxon qo‘shinni 5 qo‘lga taqsimlab, ularga Jo‘ji xonadoniga mansub shahzodalar hamda eng oliy darajadagi amirlarni qo‘mondon qilib tayinlaydi.
Jang kuni erta tongda (18 iyun) Amir Temur qo‘shini ko‘z o‘ngida otdan tushib Allohdan madad tilab ikki rakaat namoz o‘qigan. Bayroq va tug‘larni ko‘targan qo‘shin nog‘ora chalib, suron aytib, ulkan jang karnaylari sadolari ostida jangni boshlaydilar. Umarshayx qo‘mondonligi ostidagi so‘l qanot To‘xtamishxon tomonidan berilgan zarba natijasida mushkul ahvolga qoladi, raqib qo‘shini so‘l qanotni yorib o‘tib orqa tomondan hujum uyushtirishga erishadi. Amir Temur bu paytda qipchoqlarning asosiy qismini ta’qib etmoqda edi, lekin u zaxiradagi qism bilan o‘zining so‘l qanotiga yordamga keladi va dushman uloqtirib tashlanadi. Shundan so‘ng To‘xtamishxon asosiy zarbani Shayx Temur Sulduz rahbarligidagi qismlarga qaratadi va uning favjini yakson etib o‘rtani yorib chiqadi, lekin qarshisidan Umarshayx Mirzo qo‘shini chiqib muhorabaga kirishadi. Shu tariqa Hoji Sayfiddin barlos boshchiligidagi qanot qo‘shinlari g‘animning juvang‘ariga hujum qilishi boshlanadi, bu hujum dushman juvang‘ari qarshiligini sindiradi. To‘xtamishxon Hoji Sayfiddinga qarshi kuch tashlaydi, biroq ularga qarshi amir Jahonshoh qismi tashlanadi. Shayx Temur Sulduz qatorlarining yorib o‘tishi ham to‘xtatilgan.
Arab tarixchisi Ibn Arabshohning yozishicha, To‘xtamishxon qo‘shinining bir qismi ikki lashkarboshi o‘rtasida chiqqan nizo tufayli jang maydonidan qochgan. Qunduzcha jangi Sohibqiron foydasiga hal bo‘lgan. To‘xtamishxon qochgan, uning ketidan amirlar, sardorlar va qolgan-qutgan qo‘shini ham ergashgan. Amir Temur nihoyat otdan tushib Allohga hamdu sano aytgan. Amir Temur har o‘n otliqdan yettitasini dushmanni ta’qib etishga jo‘natgan. Volga daryosigacha ta’qib etilgan Oltin O‘rda jangchilari o‘ldirilgan yoxud asir olingan. Jangdan keyin bir oyga yaqin dam olgan Amir Temur katta o‘lja bilan Movarounnahrga qaytgan.
Mazkur birgina jang misolida buyuk Amir Temurning sarkardalik mahorati va harbiy san’atini bilib olish mumkin. Bu jang jahon harbiy san’ati rivojiga katta hissa qo‘shgan Amir Temur va temuriylarning harbiy san’ati naqadar mukammal bo‘lganligidan dalolat beradi. Bu holat mutaxassislar va keyingi davr sarkardalari tomonidan haqli ravishda e’tirof etilgan.
Buyuk lashkarboshi va novator harbiy tashkilotchi hisoblanmish Amir Temur intizomli armiya tuzishga, jang paytida qo‘shin qismlarini odilona boshqarishga, jang taqdirini hal qiladigan joylarga harbiy kuchlarni tezkorlik bilan yo‘llashga, mavjud to‘siq va g‘ovlarni tadbirkorlik bilan bartaraf etishga, qo‘shindagi jangovar ruhni yuksak darajada ushlab turishga erishgan. Amir Temur va temuriylar armiyasi chorvadorlar qatori hunarmandchilik va dehqonchilik bilan mashg‘ul o‘troq aholidan ham askar to‘plagan. Qo‘shinda harbiy kuchlarning asosini tashkil qilgan otliq askarlar bilan bir qatorda piyodalar ham xizmat qilgan. Sohibqiron Sharqda birinchilardan bo‘lib armiyaga o‘t sochar qurol – to‘p (ra’d)ni olib kirgan. Temuriylar davrida bu qurolning boshqa turlari (zarbzan, farangi, qozon va x.k) keng yoyildi. Tog‘li hududlarda jang harakatlari olib boruvchi maxsus harbiy qism va bo‘linmalar tashkil qilingan. Amir Temur jahon harbiy ish tarixida birinchi bo‘lib qo‘shinni jang maydonida an’anaviy 5 bo‘lakdan farqli ravishda 7 qo‘lga bo‘lib joylashtirish tartibini joriy etgan. Bu yangilik keyinchalik To‘xtamishxon, Shayboniyxon singari turkiy sarkardalar tomonidan o‘zlashtirilgan va rivojlantirilgan. Ibn Arabshohning guvohlik berishicha, Sohibqiron qo‘shinida ayollardan iborat maxsus bo‘linmalar bo‘lib, ular erkaklar bilan bir safda turgan, janglarda qahramonlik va matonat namunalarini ko‘rsatgan.
Temuriylar armiyasi son jihatdan aniq tashkil etilgan, uning jangovar tartibi takomillashib borgan, o‘z vaqtining ilg‘or qurol va texnikasi bilan ta’minlangan, qismlar bir–biridan kiyim-bosh, bayroq va tug‘lari bilan farqlangan. Bunday farqlanish jangda qo‘shinni boshqarishda qo‘l kelgan. Dushman muhofazasini turli usullar bilan barbod etish, raqibning yirik shaharlariga qo‘qqisdan zarba berish, qal’a, qo‘rg‘on va hisorlarning uzoq muddat muhosara qilish, yov kuchlarini iloji boricha keng ko‘lamda qurshab olib qishloq, shahar, tuman va viloyatlarni birin–ketin zabt etib, dushmanni batamom yakson etgungacha ta’qib qilish, taslim bo‘lgan mamlakatlarni boshqarishga ishonchli kishilarni tayinlash singari amaliyotlar Amir Temur va uning vorislariga ko‘plab zafarlar olib kelgan. Taktika jihatidan Amir Temur armiyasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan. Razvedka a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan, qismlarning janggohda yoki jangovar safda talab darajasida harakat qilishi uchun zarur chora va tadbirlar ishlab chiqilgan, ularni jang paytida tezkorlik bilan boshqarishga alohida diqqat qaratilgan. O‘nlik, yuzlik, minglik va tuman qo‘mondonlarini tanlash masalasiga oliy bosh qo‘mondon mas’ul hisoblangan.
Sohibqironning harbiy san’at rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlaridan yana biri - jang paytida qo‘shin qanotlarini dushman hujumidan muhofaza qilish va o‘z navbatida, g‘anim kuchlarini yon tomondan aylanib o‘tib, unga ortdan zarba berish maqsadida tuzilgan otliq qism – qunbulning joriy etilishi bo‘lgan. Bunday yangi harbiy qism Aleksandr Makedonskiy, Gannibal, Chingizxon, Lyudovik XIV, Buyuk Fridrix kabi atoqli sarkardalar qo‘shinida bo‘lmagan. Shayboniyxon armiyasida bunday qism mavjud edi va u to‘lg‘ama atamasi bilan nomlangan.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Amir Temurning 12 ming kishilik qo‘shini jangda quyidagicha tartibda kirgan: dushman bilan dastlabki to‘qnashuvni ayg‘oqchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan qorovul boshlab borgan. Shundan so‘ng o‘ng va chap qanot ilg‘or qismlari – barang‘or hiravuli va juvang‘or hiravuli madadida asosiy ilg‘or qism – manglay jangga kirgan. Manglay ortidan barang‘ir hamda juvang‘arning qolgan ikki bo‘lagi – chapavul va shag‘avul ketma-ket harakatga kelgan. Ushbu kuchlar dushmanni mag‘lub etishga kifoya qilmasa, bosh qo‘mondon (amir ul-umaro) boshchiligidagi markaz (qo‘l) (g‘o‘l) hal qiluvchi hujumga tashlangan.
Sohibqiron armiyasi qatnashgan ulkan janglarning taktik borish manzarasi quyidagicha bo‘lgan: qo‘shin markazi 40 bo‘luk - polkka taqsimlangan va oliy bosh qo‘mondonga itoat qilgan. Ushbu bo‘luklarning sara jangchilardan tashkil topgan 12 bo‘luki safning birinchi qatorida, qolgan 28 bo‘luki ikkinchi va uchinchi qatorlarda joylashgan. Qirq bo‘lukning o‘ng tarafi oldida amirzodalar qismlari, so‘l tarafi oldida qarindoshlar va ittifoqchilar qismlari saf tortgan. Ikkinchi qatorning barang‘arida 6 bo‘luk o‘z ilg‘ori – hirovul bilan o‘rin egallagan. Ayni shu miqdordagi bo‘luk va hirovulga juvang‘ar ham ega bo‘lgan.
Ikkinchi qator barang‘ari va juvang‘ari oldida yuqoridagi tartibda birinchi qator qismlari joylashgan. Uning oldida bosh ilg‘or – mang‘lay (yoki hirovuli buzurg) harakatda bo‘lgan. Yengil suvoriylardan iborat ikki bo‘luk armiyani qo‘qqisdan bo‘ladigan hamladan muhofaza qilish, dushman kuchlari harakatini kuzatish bilan band bo‘lgan.
Temuriylarga ko‘plab zafarlar keltirgan bu harbiy tartib keyingi davrlarda mintaqani boshqargan shayboniylar, ashtarxoniylar, mang‘itlar, qo‘ng‘irotlar va minglar sulolalari davrida ancha o‘zgarishlarga duch kelgan.
Qahramon Rajabov,
tarix fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)